Yangiliklar

Oʻzbekistonda dorilarni roʻyxatdan oʻtkazish tartibi yangilandi

Yangi tartibga ko‘ra, dorilarning samaradorligi 12 ta xalqaro ilmiy manba asosida baholanadi
Foto: Depositphotos.com

Oʻzbekistonda dori vositalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibiga oʻzgartirish kiritildi. Adliya vazirligi tegishli hujjatni 3-aprel kuni roʻyxatdan oʻtkazdi.

Yangi tartibga koʻra, dorilarning samaradorligi 12 ta xalqaro ilmiy manba asosida baholanadi. Bu orqali bozorga chiqayotgan preparatlarning haqiqiy ta’siri aniqroq tekshiriladi. Baholash jarayoni mustaqil ilmiy ekspertlardan iborat komissiyalar tomonidan amalga oshiriladi. Ular dorilarni uch toifaga ajratadi.

Birinchi toifa – samaradorligi xalqaro tadqiqotlarda tasdiqlangan dorilar. Ikkinchi toifa – samaradorligi isbotlanmagan vositalar. Uchinchi toifa esa samaradorligi hali oʻrganilmagan preparatlarni oʻz ichiga oladi.

Oʻrganish natijalari Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazining rasmiy saytida e’lon qilib boriladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Navoiy viloyatida salkam 160 million soʻmlik dorilar savdosiga chek qoʻyilgani haqida xabar bergan edi.