Yangiliklar

Urush boshlanganidan beri ilk Yevropa kemasi Hormuz bo‘g‘ozidan o‘tdi — Bloomberg

Kema taxminan 5 mingta standart konteyner tashish imkoniyatiga ega
Foto: Reuters

Fransiyaning CMA CGM kompaniyasiga tegishli CMA CGM KRIB konteyner kemasi Hormuz boʻgʻozidan oʻtib, Ummon sohillariga yetib bordi. Bu haqda kemalar harakatini kuzatuvchi Marine Traffic ma’lumotlariga tayanib xabar berildi.

Bloomberg maʼlumotiga koʻra, bu Eron tomonidan joriy etilgan blokadadan beri Gʻarbiy Yevropaga aloqador ilk kema boʻlishi mumkin. Kema Malta bayrogʻi ostida harakatlangan va Fransiyaning CMA CGM kompaniyasiga tegishli boʻlgan. U 28-mart kuni Dubaydagi Gantut portidan yoʻlga chiqqan. 2-aprel kuni esa Hormuz boʻgʻozida ekani haqida signal bergan.

3-aprel kuni konteyner kema Ummon qoʻltigʻidagi Maskat shahri yaqiniga yetib kelgan. Uning yakuniy manzili hozircha nomaʼlum. Maʼlumotlarga koʻra, kema taxminan 5 mingta standart konteyner tashish imkoniyatiga ega.

Avvalroq Eronning Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusi yuzlab kemalar, jumladan, tankerlar va konteyner tashuvchilar boʻgʻozdan chiqolmay qolganini bildirgan edi.

Eslatib oʻtamiz, Hormuz boʻgʻozidagi vaziyat AQSh va Isroilning Eron bilan bogʻliq harbiy harakatlaridan soʻng keskinlashdi. Tehron ushbu yoʻlak orqali savdoni toʻxtatganini eʼlon qilgan. Keyinchalik Rossiya, Xitoy, Hindiston, Pokiston va Iroq kabi davlatlarga tegishli kemalar uchun cheklangan oʻtishga ruxsat berilgan edi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Eron Hormuz boʻgʻozida ayrim kemalardan 2 mln dollardan olayotgani haqida xabar bergan edi.