Yangiliklar

170 dan ortiq o‘zbekistonlik Umradan qayta olmayapti

Ularning aksariyati noqonuniy tashkilotchilar sabab qiyin vaziyatda qolgan
Foto: Dunyo AA

Saudiya Arabistonida Umra safariga borgan 170 dan ortiq o‘zbekistonliklar vatanga qaytishda muammoga duch kelmoqda. Ularning aksariyati noqonuniy tashkilotchilar sabab qiyin vaziyatda qolgan.

«Dunyo» axborot agentligi xabariga ko‘ra, Makka shahridagi mehmonxonalarda hozirda 170 nafardan ortiq ziyoratchi O‘zbekistonga qaytishni kutmoqda.

Diplomatlar ularning holatini o‘rganish maqsadida joyiga borib, fuqarolar bilan uchrashgan. Ma’lum bo‘lishicha, ziyoratchilar 14 kunlik safar bilan kelgan bo‘lsa-da, safarni tashkil qilgan shaxslarning noto‘g‘ri harakatlari sabab belgilangan muddatda ortga qaytolmagan.

Ziyoratchilar orasida yoshi katta insonlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Ular orasida yurak xastaligi, qandli diabet va qon bosimi kabi kasalliklardan aziyat chekayotgan fuqarolar ham borligi qayd etilgan.

Mutasaddilar so‘nggi yillarda litsenziyasiz faoliyat yuritayotgan ayrim turistik tashkilotchilar sabab bunday holatlar ko‘payayotganini ta’kidladi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Umra safarlarini tashkil etish huquqiga faqat litsenziyaga ega 14 ta kompaniya ega.

Fuqarolarga qaytish bo‘yicha murojaatlari tegishli tartibda ko‘rib chiqilishi aytilgan. Shu bilan birga, jarayon vaqt olishi mumkinligi sabab imkon bo‘lsa, aviachipta xarid qilib mustaqil ravishda qaytish tavsiya etilgan.

Hozirda vaziyat O‘zbekiston Bosh konsulxonasi tomonidan nazoratga olingan va muammoni hal qilish bo‘yicha ishlar davom etmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkent va Sirdaryoda Umra ziyorati bilan bog‘liq firibgarlik fosh etilgani haqida yozgandi.