Sport

O‘zbekistonlik besh nafar bokschi WBC reytingining kuchli o‘nligidan joy oldi

Bahodir Jalolov, Bektemir Meliqo‘ziyev va yana uch bokschimiz WBC reytingida yuqori o‘rinlarni saqlab qoldi
Kollaj / Kursiv Uzbekistan

Jahon boks kengashi (WBC) professional bokschilarning yangilangan reytingini e’lon qildi. Ro‘yxatning turli vazn toifalarida O‘zbekistonning besh nafar vakili kuchli o‘nlikka kiritildi.

O‘ta og‘ir vazn toifasi (+90,7 kg)da ishtirok etayotgan ikki karra Olimpiada va jahon chempioni Bahodir Jalolov WBC reytingida 10-o‘rinni egallab turibdi. Ushbu vazn toifasida dastlabki 3 ta o‘rinni mos ravishda Lourens Okoli, Mozes Itauma va Entoni Joshua band etgan.

Ikkinchi o‘rta vazn toifasi (76,2 kg)da «Bully» laqabi bilan tanilgan Bektemir Meliqo‘ziyev ketma-ket g‘alabalari evaziga yangilangan ro‘yxatda 5-o‘rindan joy oldi. Mazkur vaznning peshqadamlari qatorida Diyego Pacheko, Luka Planchich hamda Yakob Bank qayd etilgan bo‘lsa, mutlaq chempionlik maqomi Saul Alvaresga tegishli.

Birinchi o‘rta vazn toifasi (69,8 kg) vakili Isroil Madrimov o‘zining texnikasi va harakatlanishi bilan reytingda 6-o‘rinni band etdi. Uning vazn toifasidagi kuchli uchlikni Bakari Samake, Brendon Adams va Ermal Xadribeaj egallab turibdi.

Yarim yengil vazn toifasi (57,1 kg)da ringga ko‘tarilayotgan Otabek Xolmatov reytingda 9-o‘rinni o‘zida saqlab qoldi. Bryus Karrington chempionlik kamarini ushlab turgan ushbu vaznda yuqori uchlik Nataniel Kollins, Kristobal Lorente va Nik Bolldan iborat.

Ikkinchi yengil vazn toifasi (55,3 kg)ning sobiq jahon chempioni Murodjon Ahmadaliyev reytingning 6-o‘rinida qayd etilgan. Yaponiyalik Naoya Inoue mutlaq chempion bo‘lgan ushbu vaznda da’vogarlarning yetakchi uchligini Junto Nakatani, Marlon Tapales hamda Ryosuke Nishida tashkil etgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shahram G‘iyosovning navbatdagi raqibi hamda jang sanasi ma’lum bo‘lgani haqida xabar bergan edi.