
Farg‘ona viloyatida kuchli ta’sir qiluvchi dorilarni noqonuniy olib kirish bilan bog‘liq holat fosh etildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) xabar bermoqda.
Aniqlanishicha, Qo‘qon shahrida yashovchi 1994 va 2002-yilda tug‘ilgan ikki shaxs tanishi bilan birga harakat qilgan. Ular Qo‘shtepa tumanida yashovchi 2001-yilda tug‘ilgan fuqaroning Gentra avtomobilida Farg‘ona tumaniga borgan.
U yerda qo‘shni davlatdan noqonuniy olib kirilgan 11,6 ming dona «Regapen» dori vositasini qabul qilib olishgan. Shundan so‘ng ular Qo‘qonga qaytayotgan paytda Uchko‘prik tumani hududida to‘xtatilgan. Tekshiruv vaqtida gumonlanuvchilar dorilarni avtomobildan uloqtirib, qochishga uringan.

Biroq ularning rejasi amalga oshmagan va barchasi qo‘lga olingan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu shaxslar dorilarni Farg‘ona va Qo‘qon shaharlarida sotish bilan shug‘ullanib kelgan.
Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Namanganda noqonuniy diniy ta’lim holatlari fosh etilgani haqida yozgan edi.