Nomzodlar turniri: Sindarov Nakamura bilan durang o‘ynab, musobaqa g‘olibligiga yaqinlashdi

13-aprel 2026 10:04 eʼlon qilindi

Sardor Saidov

Sardor Saidov

Muxbir
Foto: FIDE

Shaxmat bo‘yicha Nomzodlar turnirining 12-turida peshqadam Javohir Sindarov dunyoning ikkinchi raqamli shaxmatchisi Hikaru Nakamura bilan durangga imzo chekdi.

O‘zaro partiyadan so‘ng Hikaru Nakamura hisobidagi ochkolar 5,5 tani tashkil qildi. Javohir Sindarov o‘yindan keyingi izohida hozirgi vaziyatda uzoq va og‘ir partiya o‘ynash uchun sabab ko‘rmaganini ta’kidladi.

«Agar u uzun partiya o‘ynashni xohlasa, bunga ham tayyor edim. Lekin u ham ishonchli yo‘llarni tanlashini kutgandim», – dedi o‘zbekistonlik grossmeyster.

Foto: UzChess

Shuningdek, shaxmatchi oldingi kungi muhim o‘yindan so‘ng ancha charchaganini yashirmadi. Musobaqa yakuniga ikki tur qolgan bir paytda Sindarov ehtiyotkorlik strategiyasini tanlaganini qayd etdi.

«Endi oxirgi turlarda iloji boricha ishonchli o‘ynash kerak. Hozir majburan g‘alaba izlashning hojati yo‘q», – deya qo‘shimcha qildi u.

Foto: UzChess

Bo‘sh vaqtini qanday o‘tkazishi haqidagi savolga Sindarov dam olishi va Counter-Strike o‘ynashini ma’lum qildi. Navbatdagi 13-tur bahslari 14-aprel kuni soat 17:45 da boshlanadi. Unda Sindarov niderlandiyalik Anish Giriga qarshi dona suradi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Javohir Sindarov Fabiano Karuana bilan durang o‘ynagani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek