Sport

Samvel Babayan: Erkakcha gapiraman, klub boshqaruvini boshqasiga beraman

Foto: Telegram / FC ANDIJON

«Andijon»ning qatorasiga uchinchi mag‘lubiyatidan keyin Samvel Babayan iste’foga chiqishini e’lon qildi. Bu haqda mutaxassis matbuot anjumanida ma’lum qildi.

O‘zbekiston Superligasining 7-turida «Andijon» o‘z uyida «OKMK»ni qabul qilib, 1:2 hisobida imkoniyatni boy berdi. Bu mag‘lubiyat «Burgutlar» uchun qatorasiga uchinchi, mavsumdagi beshinchisi bo‘ldi. O‘yindan keyingi matbuot anjumanida «Andijon» bosh murabbiyi Samvel Bababayan klubdan ketishini e’lon qildi.

Foto: Telegram / FC ANDIJON

«To‘g‘risi, erkakcha gapiraman. Endi bu yerda boshqa harakat qila olmayman. Klub boshqaruvini boshqasiga beraman. Biz bu o‘yindan avval rahbariyat bilan ochiq va samimiy gaplashdik. Rosti, endi o‘z o‘rnimni boshqa insonga topshiraman», — dedi mutaxassis.

Foto: Telegram / FC ANDIJON

E’tiborlisi, «OKMK» uchun ham ushbu g‘alaba Superligadagi ikkinchisi bo‘ldi. Ushbu bahsdagi mag‘lubiyat Mirjalol Qosimov uchun ham so‘nggisi bo‘lishi mumkin edi. Toshkentliklar 7 o‘yinda 3 mag‘lubiyat, 2 durang va 2 g‘alaba qayd etdi.

Turnir jadvalida 6 ochkoga ega «Andijon» 13-o‘rinni egallab turgan bo‘lsa, «OKMK» 8 ochko bilan 9-pog‘onani band etgan. 15 ochkodan jamg‘argan «Navbahor», «Paxtakor» va «Neftchi» ro‘yxatning kuchli uchligini band etgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Samvel Babayan «Andijon» klubi bosh murabbiyi etib tayinlangani haqida xabar bergan edi.