Aeroportda begona sumkani olib kelishga rozi bo‘lgan yo’lovchi narkotik bilan ushlandi

Toshkent xalqaro aeroportida Istanbul – Toshkent reysi bilan uchib kelgan yo‘lovchining sumkasi ichidan narkotik modda aniqlandi. Bu haqda Bojxona qo’mitasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Tekshiruv davomida yeryong‘oq solingan qadoq ichiga yashirilgan 598 dona tabletka ko‘rinishidagi sintetik giyohvandlik vositasi topildi.
Dastlabki surishtiruvlarga ko‘ra, mazkur yo‘lovchi Turkiyada notanish shaxsning iltimosi bilan uning sumkasini $35 evaziga Toshkentga olib kelib berishga rozi bo‘lgan. U yuk ichidagi noqonuniy moddalar haqida xabardor bo‘lgan-bo‘lmagani hozircha aniq emas.
Mazkur holat yuzasidan tegishli tartibda tergov harakatlari olib borilmoqda. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan voqeaning barcha tafsilotlari o‘rganilmoqda.
Bojxona qo‘mitasi fuqarolarni begona shaxslarga tegishli buyumlarni, ayniqsa tekshirilmagan yuklarni, chegara-bojxona postlari orqali olib o‘tmaslikka chaqirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent va Surxondaryoda 35 kg narkotik kontrabandasi fosh etilgan edi.