
Dunyodagi eng tomoshabop liga hisoblangan APLning Instagram’dagi rasmiy sahifasi «Manchester Siti»ning o‘zbekistonlik himoyachisining uzun paslari jamlangan videoni e’lon qildi.
Angliya Premyer-ligasining 32-turida «Shaharliklar» Londonda «Chelsi» mehmoni bo‘ldi. Uchrashuv 0:3 hisobida Pep Gvardiola jamoasi foydasiga hal bo‘ldi. Uchrashuvda Abduqodir Husanov to‘liq harakat qilib, «Siti» darvozasi daxlsizligiga o‘z hissasini qo‘shdi. Liga sahifasida e’lon qilingan videoda himoyachining uzoq masofalarga aniq uzatgan paslari tasvirlangan.
Sofascore portali futbolchining «Chelsi»ga qarshi harakatlarini 7,7 ballga baholagan. Husanovning 77 ta pasidan 72 tasi manziliga aniq yetib borgan. Paslar aniqligi 94 foizni tashkil etadi. 8 ta uzun pasdan 6 tasi mo‘ljalga yetib borgan.
Eslatib o‘tamiz, Abduqodir Husanov mart oyida «Manchester Siti»ning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan edi. Ushbu mavsum futbolchi «Siti» tarkibida barcha musobaqalarda jami 31 uchrashuvda maydonga tushgan.
Avvalroq «Kursiv Uzbekistan» Abduqodir Husanov Angliyada ilk sovrinini qo‘lga kiritgani haqida xabar bergan edi.