Farg‘onada noqonuniy tamaki olib o‘tganlar ushlandi

Farg‘ona viloyatida chegaradan aksiz markasiz tamaki mahsulotlarini olib o‘tgan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament ma’lum qildi.
Departamentning So‘x tumani bo‘limi xodimlari, DXX va chegara qo‘shinlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazdi. Unda ikki fuqaro o‘zaro til biriktirib, noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullangani aniqlandi. Ular xorijda ishlab chiqarilgan, kelib chiqishi va sifati tasdiqlanmagan 2 610 quti tamaki mahsulotlarini Qirg‘izistondan O‘zbekistonga olib o‘tgan. Holat «Gulshan» MFY hududida sodir bo‘lgan. Gumonlanuvchilar chegaradagi sim to‘siqni buzib, mahsulotlarni yashirin ravishda olib kirgan.
Aniqlangan tamaki mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirildi. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri tibbiy mahsulotlarning noqonuniy savdosiga chek qo‘yilgani haqida yozgan edi.