Mirziyoyevga xat yo‘llagan To‘qayev, da’vosi rad etilgan Tramp — 14-aprel kuni e’lon qilingan yangiliklar

Mirziyoyevga xat yo‘llagan Toqayev, da’vosi rad etilgan Tramp — 14-aprel kuni e’lon qilingan yangiliklar Kursiv Uzbekistan dayjestida.
Tibbiy mahsulotlarning noqonuniy savdosiga chek qo‘yildi

Qoraqalpog‘istonda dori vositalari va tibbiy buyumlarning noqonuniy savdosi aniqlanib, yirik hajmdagi mahsulotlar musodara qilindi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament ma’lum qildi.
Departamentning To‘rtko‘l tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofazalovchi organlar o‘tkazgan tekshiruvda «A.F.» MChJ mansabdor shaxslari qonunbuzarlikka yo‘l qo‘ygani ma’lum bo‘ldi. Kompaniyaning dori savdosi bilan shug‘ullanish uchun litsenziyasi sud tomonidan bekor qilinganiga qaramay, faoliyat davom ettirilgan.
Sud Donald Trampning 10 mlrd dollarlik da’vosini rad etdi

AQSh Florida okrug sudi prezident Donald Trampning The Wall Street Journal nashriga qarshi kiritilgan $10 mlrdlik da’voni qanoatlantirmadi. Bu haqda DW xabar bermoqda.
Ish 2025-yil iyulda chop etilgan maqola bilan bog‘liq edi. Maqolada Tramp tomonidan Jeffrey Epstaynga yuborilgani aytilgan tabriknoma haqida so‘z borgan. Tramp ushbu hujjatni yuborganini rad etgan va nashrni sudga bergan.
O‘zbekiston xokkey terma jamoasi JChni yirik g‘alaba bilan boshladi

Gonkongda o‘tayotgan JCHda O‘zbekiston xokkey terma jamoasi Mongoliyani 26:1 hisobida mag‘lub etdi va o‘yinda to‘liq ustunlik namoyish qildi.
Uchrashuvning ilk daqiqalaridan boshlab o‘zbekistonliklar tashabbusni qo‘lga oldi va tezkor hujumlar orqali hisobni ochdi. Birinchi bo‘limdayoq jamoa 11 ta shayba kiritdi va o‘z darvozasidan gol o‘tkazmadi. Ikkinchi bo‘limda ham ustunlik davom etdi. O‘zbekiston yana 7 ta gol urdi, raqib esa faqat bir bor javob qaytara oldi. Maydondagi nazorat to‘liq o‘zbekistonliklar qo‘lida qoldi va bosim tobora kuchaydi.
Qozog‘iston neft ishlab chiqarish va eksportini qisqartirdi

Qozog‘iston 2026-yilning birinchi choragida neft ishlab chiqarish va eksport hajmini sezilarli darajada kamaytirdi. Bu haqda Kursiv Kazakhstan ma’lum qildi.
Mamlakat energetika vaziri ma’lumotiga ko‘ra, yanvar–mart oylarida neft va gaz kondensati ishlab chiqarish 19,7 mln tonnani tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 80,2 foizga teng. Shu davrda neft eksporti 15,3 mln tonnagacha tushib, yiliga nisbatan 21,5 foizga kamaydi.
XVJ O‘zbekistonda kreditlar qachon arzonlashishini aytdi

Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) O‘zbekistonda qarz mablag‘lari narxini pasaytirish shartlarini ma’lum qildi. Ekspertlarning fikricha, kreditlarning barqaror arzonlashishiga foiz stavkalarini sun’iy cheklash orqali emas, balki banklararo raqobat va makroiqtisodiy barqarorlik orqali erishish mumkin.
Bu boradagi xulosalar Jamg‘armaning 2026-yil 13-aprelda e’lon qilingan O‘zbekistondagi missiyasi yakunlari bo‘yicha hisobotida keltirilgan.
Qozog‘iston uchun muhim arxiv materiallarini taqdim etganingiz uchun minnatdorman — Toqayev Mirziyoyevga maktub yo‘lladi

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev Shavkat Mirziyoyev nomiga yo‘llagan maktubida Buxoro shahriga amalga oshirgan tashrifi davomida ko‘rsatilgan mehmondo‘stlik va samimiyat uchun minnatdorlik bildirdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qozog‘iston rahbari Buxoroning nafaqat Markaziy Osiyo, balki jahon sivilizatsiyasidagi o‘rni beqiyos ekanini ta’kidlab, O‘zbekistonda tarixiy merosni asrab-avaylash va uni zamonaviy rivojlanish bilan uyg‘unlashtirish siyosatini yuqori baholagan. Uning qayd etishicha, shaharning bugungi qiyofasi Yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgan islohotlar natijasini yaqqol namoyon etadi.
2025-yilda yerni xususiylashtirish bo‘yicha 112 ming arizaning 14 foizi rad etilgan

2025-yilda O‘zbekistonda bosh reja yo‘qligi vajidan yerni xususiylashtirish bo‘yicha tushgan 112 ming arizaning 14 foizi rad qilingan. Natijada 4 ming gektar yerni aktivga aylantirish va davlat budjetiga tushishi kerak bo‘lgan 550 mlrd so‘m mablag‘ boy berilgan.
Prezident raisligidagi videoselektor yig‘ilishida vaziyatni o‘nglash maqsadida mutasaddilarga uch oy muddatda yerni xususiylashtirish arizalariga inson omilisiz, 5-10 daqiqa ichida onlayn javob beruvchi tizimga o‘tish topshirildi.
Oyda kislorod ishlab chiqarish bo‘yicha yangi texnologiya taqdim etildi

Blue Origin kompaniyasi Air Pioneer nomli Oyda kislorod ishlab chiqarish bo‘yicha yangi texnologiyani taqdim etdi. Bu haqda kompaniya X sahifasida ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, mazkur tizim Oy regolitidan kislorod ajratib olishga mo‘ljallangan bo‘lib, jarayon regolitni eritish va elektroliz qilish orqali amalga oshiriladi.
O‘zbekistonliklarga Germaniyadagi tank muzeyiga kirish taqiqlandi

Germaniyaning Koblenz shahrida joylashgan harbiy texnika muzeyi 26 ta davlat fuqarolari uchun kirishni taqiqladi, ular orasida o‘zbekistonliklar ham bor. Mazkur cheklov joriy yil mart oyidan boshlab amal qilmoqda.
Muassasa ushbu qarorni «ishonchlilikni tekshirish to‘g‘risidagi qonun»ga asoslangan holda qabul qilganini bildirgan. Taqiq faqat o‘zbekistonliklargina emas, balki qozoqlar, rossiyaliklar va ukrainaliklarga ham tegishli.
Toshkent to‘y oshi geografik ko‘rsatkich sifatida ro‘yxatga olindi

O‘zbek milliy taomlaridan Toshkent to‘y oshi geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu orqali taomning aynan Toshkent shahri va viloyatiga xosligi rasman e’tirof etildi, deya xabar berdi Intellektual mulk agentligi.
Toshkent vohasida palov tayyorlash an’analari asrlar davomida shakllangan bo‘lib, to‘y oshi ushbu madaniyatning eng muhim qismi hisoblanadi. U oddiy taom emas, balki murakkab texnologik jarayon bo‘lib, tong saharda maxsus cho‘yan qozonlarda tayyorlanadi. Tayyorlash jarayonida mahsulotlar nisbati, harorat va pishirish ketma-ketligi muhim ahamiyat kasb etadi.