O‘zbekistonda urbanizatsiya darajasi 51 foizga yetdi

O‘zbekiston aholisi 38 mln nafardan oshib, mamlakatning urbanizatsiya darajasi 51 foizga yetdi. Hozirgi kunda qariyb 20 mln aholi shaharlarda istiqomat qilmoqda. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Prezident ta’kidlashicha, urbanizatsiya darajasining 1 foizga oshishi iqtisodiyotni kamida 1 foizga ko‘paytiradi. Shuningdek, bu jarayon investitsiya oqimi, biznes, startaplar va mehnat unumdorligining karrasiga o‘sishiga xizmat qiladi.
«Buning uchun respublikada urbanizatsiyani barqaror rivojlantirish bo‘yicha yagona yondashuv bo‘lishi kerak», — dedi davlat rahbari.
Hududlarning bosh rejalarini ishlab chiqish uchun davlat budjetidan yiliga 200-250 mlrd so‘m ajratilmoqda. Ushbu mablag‘lar birinchi navbatda, bosh rejasi bo‘lmagan yoki eskirgan hududlarga yo‘naltirilishi qat’iy belgilandi. Kichik shahar va shaharchalarda ko‘plab tadbirkorlar shaharsozlik hujjatlari yo‘qligi sababli yirik loyihalarini amalga oshira olmayotgani qayd etildi.
Shu munosabat bilan viloyat hokimlari va Urbanizatsiya qo‘mitasiga aniq vazifalar yuklatildi. Joriy yilda budjet mablag‘lari hisobidan 6 ta shahar, 44 ta shaharcha va 104 ta qishloqning bosh hamda master rejalarini yakunlash topshirildi. Bunga qo‘shimcha ravishda, tashabbuskor biznes vakillari ishtirokida yana 50 ta aholi punktining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish boshlanadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan noqonuniy qurilishlar uchun moliyaviy sanksiya joriy etilishi rejalashtirilayotgani haqida xabar bergan edi.