So‘nggi to‘qqiz yilda qurilish ishlari hajmi 314 trillion so‘mga yetdi

O‘zbekistonda so‘nggi to‘qqiz yilda qurilish ishlari hajmi 2016-yildagi 30 trln so‘mdan 314 trln so‘mga yetdi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi to‘qqiz yilda 10 mingga yaqin yangi qurilish korxonasi ish boshlagan. Aylanmasi 1 trln so‘mdan oshgan yirik kompaniyalar soni 20 tani, 100 mlrd so‘mdan o‘tganlari esa 365 tani tashkil etmoqda. Loyiha tashkilotlari soni 2 mingdan oshib, ularning 650 dan ortig‘i xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan.
Sohada ruxsat berish bosqichi 3 barobar, unga sarflanadigan muddat esa 4 barobar qisqartirilgan. Shuningdek, 420 ta eski shaharsozlik norma va qoidalari bekor qilinib, ularning o‘rniga 140 ta yangi hujjat tasdiqlangan.
Ushbu islohotlar natijasida o‘tgan davr mobaynida 210 mln kvadrat metr bino-inshootlar hamda 647 ming xonadonga ega 15 mingdan ziyod ko‘p qavatli uylar barpo etilgan. Hozirgi kunda ushbu tarmoq va unga yondosh sohalarda jami 3,5 mln kishi mehnat qilib kelmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2025-yilda uy-joy oldi-sotdi bitimlari soni 15,8 foizga o‘sgani haqida xabar bergan edi.