
Xitoyning Xpeng kompaniyasi yangi flagman Xpeng GX modeli ichki dizaynini rasman namoyish qildi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda.
Yangi model 2+2+2 formatdagi olti o‘rindiqli salon bilan jihozlangan. Salon markazida katta, juda ingichka ramkali ekran joylashgan bo‘lib, u raqamli panel va AR-HUD tizimi bilan birga ishlaydi. Rul yonidagi alohida tugmalar yordamchi haydov tizimlariga bog‘liq bo‘lishi kutilmoqda.

Markaziy konsolda simsiz quvvatlash joyi va ikki dona stakan uchun joy mavjud. Uning pastki qismida esa qo‘shimcha saqlash bo‘limlari joylashgan. Ikkinchi qatordagi o‘rindiqlar «nol tortishish» funksiyasiga ega bo‘lib, uzun relslar va elektr oyoq qo‘llab-quvvatlash tizimi bilan jihozlangan.
Uchinchi qatorda mustaqil bosh suyanchiqlar mavjud bo‘lib, o‘rindiqlar tekis holatga yig‘ilishi mumkin. Ikkinchi qatordagi yo‘lovchilar uchun shiftga o‘rnatilgan ekran ham taqdim etilgan. GX modelida dunyoda ilk bor qo‘llanilgan AI asosidagi qorayuvchi oynalar mavjud. Bu tizim orqa oynalarning qorayish darajasini atigi 0,16 soniyada o‘zgartira oladi.

Avtomobil o‘lchamlari ham yirik segmentga mos. Uzunligi 5 265 mm, kengligi 1 999 mm va balandligi 1 800 mmni tashkil etadi. G‘ildirak bazasi esa 3 115 mm. Model to‘liq o‘lchamli SUV sifatida pozitsiyalanmoqda.
Texnik jihatdan GX steer-by-wire boshqaruv tizimi va orqa g‘ildiraklarni burish funksiyasini qo‘llab-quvvatlaydi. Model elektr va gibrid variantlarda taqdim etiladi. To‘liq elektr versiyasi 800V platformaga ega bo‘lib, 0 dan 100 km/soat tezlikka taxminan 4 soniyada chiqadi va maksimal 750 km masofani bosib o‘tadi.

Yangi Xpeng GX 15-aprel kuni rasman taqdim etiladi. Narxi 400 ming yuan, ya’ni taxminan $58 mingdan past bo‘lishi kutilmoqda. Model Xitoy bozorida Aito M9 va Li Auto L9 kabi flagman avtomobillar bilan raqobatlashadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Xpeng Mona L03 avtomobili ilk bor namoyish qilingani haqida yozgan edi.