
Chevrolet Damas avtomobili O‘zbekistonda eng ommabop modellardan biri hisoblanadi. «O‘zavtosanoat» AJ ma’lumotiga ko‘ra, yanvar-mart oylarida 18,8 ming dona xarid qilingan. «Kursiv» nashrining ushbu maqolasida Damas avtomobilining muvaffaqiyati va texnik imkoniyatlari hikoya qilinadi.
Maqoladan quyidagilarni bilib olasiz:
Model haqida
Damas modelining ildizi 1990-yillarga borib taqaladi. U dastlab 1991-yilda Janubiy Koreyada Daewoo brendi ostida microvan sifatida ishlab chiqarila boshlagan. Modelning texnik asoslari esa yapon avtomobil sanoatiga borib ulanadi. Ko‘plab manbalarda u Suzuki Carry va Every oilasiga yaqin platforma asosida yaratilgani qayd etiladi. Shu sababli Damas boshidan ixchamlik, oddiylik va arzonlikka yo‘naltirilgan model sifatida shakllangan.
O‘zbekistonda Damas ishlab chiqarish 1996-yilda Asaka avtomobil zavodida yo‘lga qo‘yilgan. Bu davr mamlakat avtomobil sanoati endigina shakllanayotgan paytga to‘g‘ri keladi. Damas esa qisqa vaqt ichida bozorda o‘z o‘rnini topdi. U, ayniqsa, kichik biznes, savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarida keng qo‘llanila boshladi.

Yillar davomida modelning brendi o‘zgardi. Daewoo o‘rnini Chevrolet egalladi. Biroq avtomobilning asosiy konsepsiyasi deyarli o‘zgarmagan. Damas hanuz ixcham, sodda va amaliy transport vositasi sifatida ishlab chiqarilmoqda. Bu esa uni bozorda alohida segmentga aylantirdi.
Texnik xususiyatlar
Damas modeli ikki asosiy variantda taqdim etiladi. Yo‘lovchi versiyasi va yuk tashishga mo‘ljallangan Van talqini texnik jihatdan deyarli bir xil platformaga ega. Har ikkala variantda 0,8 litrli, ya’ni 796 sm³ hajmdagi uch silindrli karbyurator dvigatel o‘rnatilgan. Ushbu motor taxminan 38 ot kuchi ishlab chiqaradi. Bu ko‘rsatkich avtomobilning asosiy vazifasi – yuk tashish va kundalik ishlar uchun yetarli hisoblanadi.

Transmissiya barcha versiyalarda besh pog‘onali mexanik uzatma orqali amalga oshiriladi. Harakat esa orqa g‘ildiraklar orqali uzatiladi. Bu yechim, ayniqsa, yuk tashishda barqarorlikni ta’minlaydi. Yo‘lovchi versiyasida salon 7 o‘rindiqli qilib ishlab chiqilgan. O‘rindiqlar joylashuvi 2+3+2 shaklida. Van varianti esa ikki kishilik bo‘lib, asosiy e’tibor yuk sig‘imiga qaratilgan.
O‘lchamlar va qulaylik
Avtomobil o‘lchamlari ham segmentiga mos ravishda ixcham. Yo‘lovchi Damas uzunligi taxminan 3485 mm, eni 1400 mm va balandligi 1920 mm ni tashkil etadi. Van versiyasida uzunlik biroz oshib, 3495 mm ga yetadi, balandlik esa 1800 mm atrofida. Har ikkala modelda g‘ildirak bazasi 1840 mm. Klirens esa 160 mm bo‘lib, yomon yo‘llarda ham harakatlanish imkonini beradi.

Tormoz tizimi oddiy va ishonchli. Old g‘ildiraklarda disk, orqa qismda baraban tormozlar qo‘llanilgan. Osma tizimi ham klassik sxemaga ega. Old qismda McPherson, orqa tomonda esa ressorali osma ishlatiladi. Bu kombinatsiya yuk ko‘tarish qobiliyatini oshiradi.
Yonilg‘i sarfi manbaga va sharoitga qarab farq qiladi. O‘rtacha hisobda 7,8 dan 8,6 litrga qadar ko‘rsatkich qayd etiladi. Amaliy foydalanishda esa bu 6,5 dan 9,3 litr oralig‘ida bo‘lishi mumkin. Yonilg‘i baki hajmi 37 litr. Elektr tizimi 12 voltli, 35 Ah sig‘imli akkumulyator bilan ta’minlangan.
Afzalliklari
Damas xarid qilinishi odatda hissiyotga emas, aniq hisob-kitobga tayanadi. Bu model ko‘proq ish uchun vosita sifatida qaraladi va uning asosiy ustunligi ham aynan amaliy yondashuvda namoyon bo‘ladi.
Birinchi sabab narx va imkoniyatlar nisbatidir. 2026-yil 1-aprel holatiga ko‘ra, rasmiy prays-listda Damas variantlari 88,156 mln so‘mdan boshlanadi. Shu narx segmentida 7 o‘rindiqli yoki tijoriy kuzovli yangi avtomobil topish deyarli imkonsiz. Bu esa Damas uchun bozorda alohida «bo‘shliq» yaratadi va uni arzon, lekin funksional transport sifatida ajratib turadi.

Ikkinchi sabab shahar sharoitiga moslashgan geometriya va manevrdir. Damas kichik o‘lchamlari sabab tor ko‘chalarda, hovli ichida yoki bozor hududida bemalol harakatlana oladi. U tez-tez to‘xtab, yuk ortish yoki tushirish talab qilinadigan sharoitlar uchun ayniqsa qulay. Shu jihatlari uni xizmat ko‘rsatish va savdo faoliyati bilan shug‘ullanuvchilar uchun muhim tanlovga aylantiradi.
Uchinchi sabab servis va ehtiyot qismlar tizimining kengligidir. Damas o‘nlab yillardan beri ishlab chiqarilayotgani sababli uning uchun ehtiyot qismlar bozori shakllangan va barqaror. Bozorlarda, servis markazlarida va onlayn platformalarda bu model uchun kerakli detallarni topish oson. Bu esfoydalanishya xarajatlarini pasaytiradi va avtomobilni uzoq muddat foydalanishga mos qiladi.
Narxlari

| Model | Chegirmadagi narx (so‘m) | Asl narx (so‘m) |
|---|---|---|
| D11 STYLE (Van) | 88 156 000 | 93 156 000 |
| D2 STYLE PLUS (Delux) | 91 932 000 | 96 932 000 |
| D3 STYLE (Combi) | 91 449 000 | 96 449 000 |
| D13 (Ambulance) | 87 909 000 | 92 909 000 |
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet Captiva modeli haqida yozgan edi.