
General Motors 2027-yilgi yangi Chevrolet Sonic modelini taqdim etishga tayyorlanmoqda. Ushbu avtomobil brendning yangilangan global logotipi bilan chiqadigan ilk model bo‘ladi.
Ma’lum qilinishicha, yangi Sonic krossoveri Braziliyada ilk bor namoyish etiladi. Model kompaniyaning global loyihasi hisoblanadi va aynan shu avtomobil orqali Chevrolet yangi «Bowtie» logotipini joriy etadi.

Yangi logotip dizayni avvalgidan farq qiladi. U yanada gorizontal shaklga ega bo‘lib, qora rang asosiy element sifatida tanlangan. Kompaniya bu o‘zgarishlarni zamonaviy avtomobil dizayni, ayniqsa ingichka faralar va yangi texnologiyalar bilan bog‘laydi.

Yangilangan logotip avtomobilning old panjarasi, orqa qismi, rul boshqaruvi va hatto g‘ildirak markazlarida ham qo‘llaniladi. Ayrim tasvirlarda logotip yoritilgan kontur bilan ham ko‘rsatilgan. Yangi Chevrolet Sonic may oyida rasman taqdim etiladi. Model Braziliyada yilning eng muhim yangiliklaridan biri bo‘lishi kutilmoqda. Keyinchalik yangi logotip boshqa Chevrolet modellari uchun ham joriy qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri nima uchun tahlilchilar GM va Ford aksiyalarini xarid qilishni tavsiya etayotgani haqida yozgan edi.