Sport

Mikel Arteta «Bornmut»dan uchralgan mag‘lubiyatdan so‘ng uzr so‘radi

Angliya Premyer-ligasidagi mag‘lubiyat «Arsenal»ning chempionlik yo‘lidagi imkoniyatlariga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi
Mikel Arteta / Foto: FOX Sports

Londonning «Arsenal» klubi Angliya Premyer-ligasi doirasida o‘z maydonida «Bornmut»ga 1:2 hisobida imkoniyatni boy berdi. Jamoa bosh murabbiyi Mikel Arteta omadsiz o‘yindan so‘ng jurnalistlar va muxlislardan rasman uzr so‘radi.

«Bu xuddi yuzga tushirilgan kuchli zarbaga o‘xshaydi, yigitlarga ham aynan shunday dedim. Bugun biz ba’zi vaziyatlarda o‘z darajamizdan juda pastda bo‘ldik», – dedi Arteta jamoaning harakatlarini tanqid qilib.

Foto: Arsenal.com

Mutaxassisning ta’kidlashicha, jamoada 22 yillik chempionlik kutilmasi sababli yuqori bosim mavjud. Jamoa atrofidagi vaziyatni jarohatlar ham qiyinlashtirmoqda. Asosiy hujumkor futbolchi Bukayo Saka hamda yarim himoyachi Deklan Rays mashg‘ulotlarni o‘tkazib yuborganligi tasdiqlandi.

Pep Gvardiola / Foto: Manchester City

Tahlilchi Kris Satton joriy mavsumda sovrin qo‘lga kiritilmasa, Artetaning klubdagi kelajagi so‘roq ostida qolishini ta’kidlagan. Biroq murabbiy Chempionlar ligasi chorak finali doirasidagi «Sporting»ga qarshi o‘yindan oldin futbolchilarda ishonch yo‘qolmaganini aytdi. O‘z navbatida, «Manchester Siti» ustozi Pep Gvardiola o‘z shogirdining ishini yuqori baholab, «Arsenal»ni hozirgi vaqtda Yevropadagi eng yaxshi jamoa deb atadi.

Ekran tasviri / premierleague.com

Ma’lumot uchun, ayni paytda musobaqa turnir jadvalida «Arsenal» 70 ochko bilan peshqadam bo‘lib turgan bo‘lsa, ikkinchi o‘rindagi «Manchester Siti»da esa 64 ochko mavjud. «Shaharliklar» zaxirasida bitta o‘yin bor. 19-aprel kuni ehtimoliy chempionlik masalasi hal bo‘ladigan uchrashuv bo‘lib o‘tadi. «Manchester Siti» «Etihad»da «Arsenal»ni qabul qiladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Chempionlar ligasi chorak final dastlabki bahsida «Arsenal» «Sporting»dan ustun kelgani haqida xabar bergan edi.