Nogironlik pensiyasini avtomatik tayinlash bo‘yicha qonun loyihasi Senatga yuborildi

O‘zbekistonda nogironlik pensiyalarini tayinlash tartibini soddalashtirish ko‘zda tutilgan yangi qonun loyihasi Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, ko‘rib chiqish uchun Oliy Majlis Senatiga yuborildi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.
Loyihaga ko‘ra, fuqaroga nogironlik belgilangach, pensiya olish uchun alohida murojaat qilish talab etilmaydi. Tayinlash jarayoni raqamli tizimlar orqali avtomatik, ya’ni proaktiv tarzda amalga oshiriladi. Bu esa, ayniqsa, jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun byurokratik jarayonlarni sezilarli darajada kamaytiradi.
Hujjatda yana bir muhim yangilik – pensiyalarni qayta hisoblash mexanizmi ham soddalashtirilmoqda. Agar I yoki II guruh nogironligi bo‘lgan pensioner pensiya tayinlanganidan keyin kamida bir yil ish stajiga ega bo‘lsa, uning pensiyasi har ikki yilda bir marotaba avtomatik ravishda qayta hisoblab chiqiladi.
Bundan tashqari, pensiyadan ushlab qolinadigan summalar bo‘yicha ham cheklovlar belgilanishi rejalashtirilgan. Xususan, har oylik ushlab qolish miqdori pensiyaning 50 foizidan oshmasligi kerak. Shu bilan birga, barcha chegirmalardan keyin to‘lanadigan pensiya miqdori eng kam iste’mol xarajatlari darajasidan past bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 30 yildan ortiq xizmat qilgan harbiylar uchun pensiya oshirilishi taklif etilgani haqida yozgandi.