Tadbirkorlar Afg‘oniston bozoriga avtomobil eksport qilishi mumkin — SSP

Savdo-sanoat palatasi o‘zbeksitonlik tadbirkorlarni Afg’onistonga ikkilamchi avtomobillar eksport qilishga chaqirdi. Bu haqda palata rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.
Unga ko‘ra, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahabov Afg‘oniston bozorida mavjud eksport salohiyatiga e’tibor qaratdi. Uning ta’kidlashicha, o‘zbekistonlik tadbirkorlar ushbu mamlakatga yiliga 100 mingtagacha avtomobil eksport qilish imkoniyatiga ega.
Qayd etilishicha, gap asosan ikkilamchi, ya’ni ishlatilgan avtomobillar eksporti haqida bormoqda. Mazkur yo‘nalish tadbirkorlar uchun yangi daromad manbai bo‘lishi bilan birga eksportni diversifikatsiya qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, Afg‘oniston avtomobil bozori yiliga qariyb $500 mlnlik hajmga ega. Bu esa O‘zbekiston eksportchilari uchun sezilarli iqtisodiy imkoniyatlar yaratadi.
Eslatib o‘tamiz, 2026-yilning yanvar–mart oylarida O‘zbekistonda avtomobil bozorida jami 91 ming donadan ziyod avtomobil sotilgan edi.