Toshkent viloyatida yirik miqdorda sintetik narkotiklar qo‘lga olindi

Toshkent viloyatida xorijdan olib kirilgan yirik miqdorda sintetik narkotiklar qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, Toshkent shahrida yashovchi, 1993-yilda tug‘ilgan, avval sudlangan va hozirda probatsiya nazoratida bo‘lgan fuqaro hamda uning 1995-yilda tug‘ilgan sherigi Yuqori Chirchiq tumanidagi dala hududida yashirilgan joydan 2 kg 381 gramm «Alfa-PVP» sintetik giyohvandlik vositasini olib, qaytayotgan vaqtida ushlangan.
Tergov davomida ushbu modda Telegram messenjeridagi internet narkodo‘kon orqali Rossiyadan O‘zbekistonga olib kirilgani aniqlangan.

Yana bir holatda Yangiyo‘l shahridagi tijorat banklaridan birida ishlovchi ikki nafar mutaxassis narkokuryerlar tomonidan dala hududida yashirilgan 485 gramm «Alfa-PVP»ni olib, uni o‘z tanishining uyida saqlayotgani fosh etildi. Ushbu giyohvandlik vositasi ashyoviy dalil sifatida musodara qilindi.
Har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi. Gumonlanuvchilarga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Sirdaryoda sudya va bank xodimi pora bilan ushlangani haqida yozgan edi.