Geely kompaniyasi Geely KX21 avtomobilini qachon taqdim etadi

16-aprel 2026 17:11 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Geely kompaniyasi Geely KX21 avtomobilini qachon taqdim etiladi
Foto: CarNewsChina

Geely Xitoyda yangi Geely KX21 krossoverini namoyish qildi. Model kompaniyaning yangi HEV yo‘nalishidagi eng yuqori segment avtomobili bo‘ladi va 2026-yilda bozorga chiqishi kutilmoqda.

Yangi model i-HEV tizimi asosida ishlab chiqilgan. Bu gibrid tizim tashqi zaryadlashni talab qilmaydi. Unda ichki yonuv dvigateli, elektromotor va kichik batareya birgalikda ishlaydi. Mutaxassislar fikricha, Xitoyda elektromobillar uchun subsidiya qisqarib borayotgan sharoitda aynan HEV texnologiyalari tez ommalashmoqda.

Foto: Geely

Geely KX21 to‘liq o‘lchamli krossover sifatida pozitsiyalanmoqda. Uning dizayni katta radiator panjarasi va ikki qavatli faralar bilan ajralib turadi. Tashqi ko‘rinishi jihatidan model Geely Monjaro’ni eslatadi. Tom qismida LiDAR sensori joylashgani esa ilg‘or haydovchi yordamchi tizimlari qo‘llanilishini ko‘rsatadi.

Model Geely Galaxy M9 bilan yaqin platformada yaratilgan. KX21 aynan shu avtomobilning HEV versiyasi sifatida qaralmoqda. Galaxy M9 6 o‘rinli SUV bo‘lib, uzunligi 5205 mm, g‘ildirak bazasi esa 3030 mmni tashkil etadi. Shu sababli KX21 ham katta o‘lchamli va oilaviy avtomobil bo‘lishi kutilmoqda.

Salon jihozlanishi ham yuqori darajada bo‘lishi mumkin. Galaxy M9’da 30 dyuymli markaziy ekran, 17,3 dyuymli tom displeyi, muzlatkich va 27 ta karnay mavjud. KX21 ham shunga yaqin premium opsiyalar bilan taklif etilishi kutilmoqda.

Foto: Geely

Texnik jihatdan model 2 litrli turbo benzin dvigateliga ega bo‘ladi. Uning issiqlik samaradorligi 48,41%ni tashkil etadi. Elektromotor bilan birga umumiy quvvat 230 kVtga, ya’ni taxminan 308 ot kuchiga yetadi. Avtomobil 66 km/soat tezlikkacha faqat elektr rejimida harakatlana oladi. Yangi model Geely’ning model qatorini kengaytiradi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yil birinchi choragida Geely 311,8 ming dona avtomobil sotgan. Xitoy ichki bozorida esa 234,2 ming dona yetkazib berilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 34,7%ga kamaygan. Shu sababli kompaniya yangi modellarga katta umid qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Geely Galaxy M7 avtomobili sotuvga chiqqani haqioda yozgan edi.

Shuningdek