Google kompaniyasining SpaceX’ga sarmoyasi 100 mlrd dollargacha yetishi mumkin

Google kompaniyasining SpaceX’ga sarmoyasi $100 mlrdgacha yetishi mumkin. Bu haqda Bloomberg nashri xabar bermoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Google 2025-yil oxirida SpaceX kompaniyasining 6,11 foiz ulushiga ega bo‘lgan. Agar kompaniya IPO vaqtida $2 trln baholansa, bu ulush qiymati $122 mlrdga yetishi mumkin edi. Biroq Alphabet Inc. ulushi xAI bilan qo‘shilishdan keyin kamaygan. Hozir u taxminan 5 foiz atrofida baholanmoqda. Shu holatda Google ulushi $100 mlrdga teng bo‘lishi mumkin.
Bu ko‘rsatkich ayrim yirik kompaniyalardan ham yuqori. Masalan, Seagate Technology, Marvell Technology va Spotify kapitalizatsiyasi bundan past. Google SpaceX’ga ilk bor 2015-yilda sarmoya kiritgan. O‘shanda kompaniya $10 mlrdga baholangan va investorlar $1 mlrd evaziga 10% ulush olgan. Keyingi yillarda aksiyalarning ayrim ulushlari sotilgan. Shu sabab Google va boshqa investorlarning hissasi kamaygan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri SpaceX IPOga chiqib ochiq aksiyadorlik kompaniyasiga aylanish arafasida turgani haqida yozgan edi.
Kompaniya AQShning Qimmatli qog‘ozlar va birjalar komissiyasiga IPO uchun maxfiy ariza topshirdi. Bu orqali SpaceX aksiyalarini fond bozorida sotishni boshlashi mumkin. Baholashlarga ko‘ra, kompaniya birjada $1 trlndan ortiq qiymatga ega bo‘lishi kutilmoqda. Bu esa uni tarixdagi eng yirik IPOlardan biriga aylantiradi.