
Huawei kompaniyasi yangi aqlli soatlar seriyasi — Watch Fit 5’ni taqdim etishga tayyorlanmoqda. Rasmiy e’lon 20-aprelga rejalashtirilgan bo‘lsa-da, qurilmaning asosiy xususiyatlari allaqachon ma’lum bo‘ldi.
Flagman model — Huawei Watch Fit 5 Pro 1,92 dyuymli LTPO displey bilan jihozlanadi. Ekran yorqinligi 3 ming nitgacha yetadi va yangilanish chastotasi yuqori bo‘ladi. Displey korpusning 83 foiz qismini egallab, bu Fit seriyasi uchun rekord ko‘rsatkich hisoblanadi.
Korpus mustahkamlikka urg‘u berilgan holda ishlab chiqilgan: 2.5D safir oynasi va titan qotishmasidan tayyorlangan bezeli mavjud. Shunga qaramay, soat og‘irligi atigi 31,6 grammni tashkil etadi.

Oddiy versiya — Huawei Watch Fit 5 esa biroz yengilroq (taxminan 27 gramm) bo‘lib, 1,82 dyuymli ekran va 2500 nit yorqinlikka ega. Uning korpusi qayta ishlangan alyuminiydan tayyorlangan va neylon remen bilan ta’minlanadi.
Har ikkala model 471 mA·soat sig‘imli batareyaga ega. Oddiy rejimda 7 kungacha, energiya tejash rejimida esa 10 kungacha ishlashi mumkin. Always-On Display yoqilganida esa taxminan 4 kun xizmat qiladi.
Soatlar Bluetooth 6.0, NFC va GPS’ni qo‘llab-quvvatlaydi. Shuningdek, sog‘liqni nazorat qilish uchun Huawei TruSense tizimi, jumladan EKG funksiyasi bilan jihozlanadi.
Narxlar ham ma’lum bo‘ldi: Watch Fit 5 modeli taxminan $215 dan, Watch Fit 5 Pro esa $325 dan boshlanishi kutilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Huawei Nova 16 seriyasi katta batareya bilan chiqishi kutilayotgani haqida yozgandi.