Sport

JCH – 2026: O‘zbekiston xokkey terma jamoasi Shimoliy Koreyani yirik hisobda yengdi

Ekran tasviri / O‘zbekiston xokkey federatsiyasi

Gonkongda bo‘lib o‘tayotgan xokkey bo‘yicha 2026-yilgi Jahon chempionati III divizioni guruh bosqichi doirasida O‘zbekiston milliy terma jamoasi Shimoliy Koreyani 20:3 hisobida mag‘lub etdi.

O‘yin davomida O‘zbekiston vakillari to‘liq ustunlikni saqlab qoldi va raqib himoyasiga uzluksiz bosim o‘tkazdi. Jamoaviy aniq uzatmalar hamda tezkor hujumlar evaziga yirik hisobdagi g‘alaba ta’minlandi.

Foto: O‘zbekiston xokkey federatsiyasi

13-apreldan 19-aprelga qadar davom etadigan mazkur turnirda O‘zbekiston, Shimoliy Koreya, Gonkong, Filippin, Mo‘g‘uliston va Lyuksemburg terma jamoalari ishtirok etmoqda. Yakunda turnir jadvalida peshqadam bo‘lib, guruh g‘olibligini qo‘lga kiritgan jamoa keyingi mavsum uchun bir pog‘ona yuqoriga – III divizionning «A» guruhiga ko‘tarilish yo‘llanmasiga ega bo‘ladi.

Joriy yilning 2 – 8-mart kunlari aynan ushbu arenada O‘zbekistonning 18 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar terma jamoasi ham qatnashib, mag‘lubiyatsiz seriya bilan oltin medallarni qo‘lga kiritgan edi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Jahon chempionati doirasida O‘zbekiston Filippin termasini mag‘lubiyatga uchratgani haqida xabar bergan edi.