O‘rta tibbiyot xodimlari Germaniyadagi klinikalarga 2650 dollarlik ishga taklif qilinmoqda

eʼlon qilindi
Ishtirokchilar avval 10 oy davom etadigan maxsus tayyorlov kurslarida tahsil oladi
Foto: Pexels.com

Germaniyada Globogate loyihasi doirasida tibbiyot mutaxassislari mamlakatdagi klinikalariga ishga taklif etilmoqda. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar berdi.

Dastur to‘liq bepul bo‘lib, ishtirokchilar avval 10 oy davom etadigan maxsus tayyorlov kurslarida tahsil oladi. Ushbu jarayon davomida nemis tili va kasbiy ko‘nikmalarni o‘zlashtirishga alohida e’tibor qaratiladi.

Ish o‘rinlari Germaniya bo‘ylab turli klinikalarda taklif etiladi, umumiy hisobda 800 ta bo‘sh ish o‘rni mavjud. Ish haftasiga o‘rtacha 39 soatni tashkil etadi.

Dastlabki bosqichda maosh taxminan $2010 miqdorida belgilanadi, kasb tan olinishi yakunlangach esa (taxminan 3 oy ichida) bu summa $2650 gacha oshishi mumkin.

Dasturga 3 yillik tibbiyot kolleji diplomiga ega, 20 – 36 yosh oralig‘idagi sog‘lom va sudlanmagan nomzodlar qabul qilinadi. Ishtirokchilar 10 oylik bepul tayyorlov kurslarida o‘qish sharti bilan tanlovdan o‘tishi kerak.

Loyiha doirasida ishtirokchilarga stipendiya, turarjoy, hujjatlarni rasmiylashtirish, «B2» sertifikati uchun xarajatlar, viza va aviachipta hamda Germaniyada ishga joylashish kabi xizmatlar to‘liq bepul taqdim etilishi ko‘zda tutilgan.

Ro‘yxatdan o‘tish jarayoni 2026-yil 15-maygacha davom etadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Germaniya qassobchilik sohasida 300 nafar ishchi qabul qilishi haqida yozgandi.

Shuningdek