Toshkentning ayrim hududlarida issiq suv besh kunga o‘chiriladi

Poytaxtda issiqlik tarmoqlarida rejali ta’mirlash ishlari sabab ayrim hududlarda issiq suv ta’minotida besh kunlik uzilishlar bo‘ladi. Bu haqda Veolia Energy Tashkent ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, 2026-yil 20–24-aprel kunlari 1-IM va 5-IM issiqlik markazlari xizmat ko‘rsatish hududlarida 5 kunlik rejali issiq suv o‘chirishlar amalga oshiriladi. Ushbu cheklovlar ko‘rsatilgan ko‘chalar, mahallalar va ularga tutash hududlarga taalluqli bo‘ladi.
1-IM xizmat ko‘rsatish hududida Mustaqillik shoh ko‘chasi, Mirzo Ulug‘bek, Buyuk ipak yo‘li, Qori Niyoziy, Muhammad Yusuf, Sayram, Tamaraxonim, Oqqo‘rg‘on, Lev Tolstoy, Katta halqa yo‘li, Do‘rmon yo‘li kabi ko‘plab ko‘chalar hamda Yalong‘och, Bo‘z-1, Bo‘z-2, Feruza dahalari va boshqa mavze hamda mahallalarda issiq suv vaqtincha to‘xtatiladi.
Shuningdek, 5-IM xizmat ko‘rsatish hududida Zargarlik, Lutfiy, Bog‘iston, Qatortol, Guliston, Farhod, Cho‘ponota, Do‘mbirobod, Katta halqa yo‘li, O‘rikzor, Beshqayrag‘och kabi ko‘chalar hamda Chilonzor dahasining bir qator mavzelari va keng ko‘lamdagi mahallalarda issiq suv ta’minoti vaqtincha to‘xtatiladi.
Mas’ullar ushbu ishlar issiqlik tizimini mavsumga tayyorlash va tarmoqlarni barqaror ishlashini ta’minlash maqsadida amalga oshirilayotganini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, 2026-yil 16-aprel kuni Toshkent shahridagi «8-IM» qozonxonasi boshqaruvidagi issiqlik tarmoqlari yuqori bosim ostida sinovdan o‘tkazilishi haqida yozgan edik.