Yana Turkiya: maktabdagi otishma oqibatida 9 kishi halok bo‘ldi

Turkiyaning janubida joylashgan Qahramanmarash viloyatidagi maktabda otishma sodir bo‘ldi. Hodisa oqibatida kamida 8 nafar o‘quvchi va 1 nafar o‘qituvchi halok bo‘ldi.
Mamlakat ichki ishlar vaziri Mustafo Chifchining ma’lum qilishicha, yana 13 kishi jarohat olgan. Ulardan 6 nafari og‘ir ahvolda. Voqea Ayser Chalok o‘rta maktabida yuz bergan. Rasmiylarga ko‘ra, hujumni amalga oshirgan 14 yoshli o‘quvchi ham hodisa vaqtida halok bo‘lgan.
Mahalliy OAV xabariga ko‘ra, hujumchi ikki sinfxonaga kirib o‘t ochgan. Uning yonida bir nechta qurol va o‘q-dorilar bo‘lgan. Viloyat hokimi Mukerren Unlyuer qurollar hujumchining sobiq politsiyachi otasiga tegishli bo‘lishi mumkinligini bildirgan. Ushbu shaxs ham qo‘lga olingan.
Otishma paytida maktabda vahima yuzaga kelgan. O‘quvchilar derazalardan sakrab chiqib, binodan qochishga uringan. Voqea sabablari hozircha aniqlanmagan. Hodisa yuzasidan tergov boshlandi.
Bu Turkiyada ikki kun ichida sodir bo‘lgan ikkinchi shunday holat bo‘ldi. Bir kun avval ham boshqa maktabda sobiq o‘quvchi tomonidan o‘t ochilishi oqibatida 18 kishi jarohatlangan edi.