YouTube foydalanuvchilarga shorts videolarini butunlay o‘chirib qo‘yish imkoniyatini taqdim etdi

YouTube platformasining Android va iOS ilovalarida shorts videolari uchun vaqt limitini nol daqiqaga belgilash imkoniyati yaratildi. Ushbu sozlama qisqa videolarni dasturdan to‘liq olib tashlash imkonini beradi.
Shorts taymeri funksiyasi dastlab oktyabr oyida e’lon qilingan bo‘lib, undagi eng qisqa muddat 15 daqiqa etib belgilangan edi. Yanvar oyida ota-onalar nazorati doirasida kengaytirilgan tizim endilikda barcha foydalanuvchilar, jumladan, oddiy kattalar akkauntlari uchun ham ommaviy tarzda ishga tushirilmoqda.

Foydalanuvchi nol daqiqalik limitni o‘rnatgach, Shorts bo‘limida videolar umuman ko‘rsatilmaydi. Buning o‘rniga ekranda «Shorts tasmasi limitiga yetdingiz» mazmunidagi bildirishnoma paydo bo‘ladi. Sinovlarga ko‘ra, bu sozlama qisqa videolarni ilovaning asosiy ekranidan ham butunlay yashiradi.

Mazkur imkoniyatni faollashtirish uchun YouTube ilovasining sozlamalar bo‘limidan «Vaqtni boshqarish» (time management) bo‘limiga kirish va Shorts tasmasi uchun limitni tanlash kerak bo‘ladi. Qayd etilishicha, bu funksiya ijtimoiy tarmoqda maqsadsiz o‘tkaziladigan vaqtni qisqartirishni xohlovchi har qanday yoshdagi foydalanuvchi uchun qulay vosita hisoblanadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan YouTube televizorlar uchun 90 soniyalik o‘tkazib bo‘lmaydigan reklama joriy qilayotgani haqida xabar bergan edi.