2026-yildan ayrim tovarlarga 5 va 3 foizlik boj joriy etiladi

O‘zbekistonda 2026-yil 1-iyuldan boshlab ayrim tovarlarni bond omborlari orqali sotib olishda yangi bojxona va soliq tartiblari amal qila boshlaydi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi xabar berdi.
Yangi qoidalarga ko‘ra, maxsus elektron savdo platformalari orqali xarid qilingan ayrim texnika vositalari — jumladan smartfon, noutbuk, planshet, maishiy texnika va boshqa qurilmalar uchun 5 foizlik yagona bojxona to‘lovi undiriladi.
Shuningdek, yana bir qator tovarlar — kiyim-kechak, poyabzal, aksessuarlar, elektron qurilmalar va o‘yin texnikalari uchun esa qo‘shilgan qiymat solig‘i bilan birga 3 foizlik bojxona boji joriy etiladi.
Bundan tashqari, xalqaro brend sifatida ro‘yxatdan o‘tgan va maxsus reyestrga kiritilgan ayrim xorijiy mahsulotlarni bond omborlariga joylashtirish hamda ularni elektron platformalar orqali sotish taqiqlanadi.
Shu bilan birga, boshqa tovarlar uchun amaldagi tartib saqlanib qoladi. Ya’ni jismoniy shaxslar nomiga xalqaro kuryerlik jo‘natmalari orqali oyiga $200 gacha bo‘lgan mahsulotlarni bojsiz olib kirish imkoniyati o‘z kuchida qoladi.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda bond omborlari bo‘yicha eksperiment boshlanayotgani haqida yozgandi.