
AQShning Meyn shtatida yashovchi Gerti laqabli tovuq dunyodagi eng uzoq umr ko‘rayotgan tirik tovuq sifatida Ginnes rekordlar kitobiga kiritildi. Bu haqda Ginnes rekordlarining rasmiy saytida ma’lum qilindi.
Rekord qayd etilgan paytda uning yoshi 15 yil 100 kunni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich avvalgi rekordchi — Texasdagi Perl laqabli tovuqnikidan ham yuqori bo‘ldi.
Gerti oltin sebra (golden Sebright) zotiga mansub bo‘lib, u 2010-yilda fermer Frenk Turek tomonidan internet orqali buyurtma qilingan sakkiz jo‘janing biri edi. Egasi aytishicha, Gerti boshidanoq boshqalardan ajralib turgan: eng kichik, eng chiroyli va tez orada tovuqlar orasida o‘ziga xos yetakchiga aylangan.
Yoshi ulg‘aygani sari Gertining sog‘lig‘ida muammolar paydo bo‘lgan. U tuxum qo‘yishni to‘xtatgan, 2024-yil yoziga kelib esa deyarli butunlay ko‘r bo‘lib qolgan. Boshqa tovuqlar unga zarar yetkaza boshlagach, egasi uni uyga olib kirib, alohida parvarishga o‘tkazgan.
Hozir Gerti maxsus moslashtirilgan it qafasida yashaydi, egasining qo‘lida o‘tirishni yoqtiradi va u bilan past ovozda suhbatlashadi.
Frenk Turekning so‘zlariga ko‘ra, Gertining uzoq umr ko‘rish siri — toza va shamolsiz joy, yirtqichlardan yaxshi himoya hamda doimiy e’tiborda ekanligi bo‘ldi. Ma’lum qilinishicha, joriy yilning iyul oyida tovuq 16 yoshga to‘ladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Islom sivilizatsiyasi markazi Ginnes rekordlar kitobiga kirgani haqida yozgandi.