
Netflix mashhur yozuvchi Roald Dahl asarlari asosida yangi animatsion film — «Charli shokolad fabrikasiga qarshi» loyihasini taqdim etdi. Bu haqda Variety nashri xabar berdi.
Ushbu loyiha Wonka filmidan uch yil o‘tib e’lon qilinib, Villi Vonka haqidagi hikoyani yangi yo‘nalishda davom ettiradi.
Multfilm voqealari zamonaviy Londonda kechadi va asl asarlardagi syujetdan tashqariga chiqadi. Hikoyaga ko‘ra, Villi Vonka ilgari sodir bo‘lgan voqea — bolani ko‘k rezavor meva (golubika)ga aylantirgani uchun qamoqqa tushadi. Qamoqdan chiqqach, u yana o‘zining mashhur shokolad fabrikasiga qaytib, uni qayta tiklash va dunyoni yanada shirinroq qilish niyatida bo‘ladi.
Biroq bu safar unga Charli Peyli ismli o‘smir va uning do‘stlari qarshi chiqadi. Ular yashab turgan hududdan haydalish xavfi ostida qolgan bo‘lib, vaziyatni o‘zgartirish uchun Vonkaning fabrikasiga yashirincha kirib, qimmatbaho shokoladni qo‘lga kiritishni rejalashtiradi. Shu tariqa filmda ikki qarama-qarshi maqsad — Vonkaning orzusi va yoshlarning omon qolish istagi to‘qnashadi.
Loyiha ustida tajribali ijodkorlar ishlamoqda: rejissyorlikni Jared Stern va Elaine Bogan olib bormoqda. Villi Vonka obraziga ovozni taniqli rejissyor va aktyor Taika Waititi beradi, u shu bilan birga loyihaning ijrochi prodyuserlaridan biri ham hisoblanadi. Charli Peyli obrazini esa Kit Connor ovozlantiradi.
Eslatib o‘tamiz, Netflix 2021-yilda Roald Dahl asarlarining to‘liq huquqlarini qo‘lga kiritgan edi. Shundan beri platforma uning ijodiga asoslangan bir qator loyihalarni — jumladan, animatsion filmlar, qisqa metrajli kartinalar va musiqiy adaptatsiyalarni taqdim etib kelmoqda. «Charli shokolad fabrikasiga qarshi» ushbu yo‘nalishdagi eng yirik loyihalardan biri sifatida ko‘rilmoqda.
Shuningdek, Vonka olamiga oid yana bir loyiha — «Oltin chipta» nomli realiti-shou ham ishlab chiqilayotgani ma’lum qilindi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Netflix bolalar uchun alohida o‘yin ilovasini ishga tushirgani haqida yozgandi.