Avto

Leapmotor D19 avtomobili taqdim etildi — foto, narx

Salon ikki xil variantda taqdim etilgan
Leapmotor D19 avtomobili taqdim etildi — foto, narx
Foto: Leapmotor

Xitoyda yangi Leapmotor D19 modeli rasman sotuvga chiqdi. U dunyodagi eng katta EREV batareyaga ega avtomobillardan biri sifatida e’tibor qozondi.

Yangi model 80,3 kVt·soat sig‘imli batareya bilan jihozlangan. Bu avtomobil ichki yonuv dvigateli ishlamasdan 500 km gacha masofani bosib o‘tishi mumkin. Modelning boshlang‘ich narxi 219,8 ming yuan, ya’ni taxminan $32,2 mingni tashkil etadi. Avtomobil o‘lchamlari ham segment uchun yirik hisoblanadi. Uning uzunligi 5,2 metrga yetadi va u BMW X7 modelidan ham uzunroq. Barcha versiyalar 21 dyuymli g‘ildiraklar bilan taklif etiladi.

Foto: Leapmotor

Salon ikki xil variantda taqdim etilgan. 6 yoki 7 o‘rindiqli konfiguratsiya mavjud. Markazda 17,3 dyuymli ekran o‘rnatilgan. Shuningdek, 10,25 dyuymli panel va 60 dyuymli AR displey mavjud. Ikkinchi qatordagi yo‘lovchilar uchun alohida monitor ham berilgan. Model 28 ta haydovchiga yordam beruvchi sensorlar bilan jihozlangan. Ular orasida LiDAR ham bor. Avtomobil shaharda va trassada yarim avtonom boshqaruv funksiyasini qo‘llab-quvvatlaydi.

Foto: Leapmotor

Dvigatel variantlariga kelsak, model ikki xil versiyada chiqadi. EREV versiyasi 1,5 litrli turbo dvigatel va ikki elektromotor bilan ishlaydi. Uning umumiy quvvati 402 ot kuchiga teng. To‘liq elektr versiyada esa quvvat 550 ot kuchigacha yetadi. To‘liq elektr variantlar 620 km dan 720 km gacha yurish zaxirasini taqdim etadi. Eng kuchli uch motorli versiya esa 0 dan 100 km/soat tezlikka 3,94 soniyada chiqadi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Buxoroda Leapmotor avtomobillarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi haqida yozgan edi.