Netflix aksiyalari 10 foizga tushdi: bunga nima sabab bo‘ldi

Netflix aksiyalari chorak hisobotidan so‘ng keskin pasaydi. 16-aprel kuni savdolar yopilgach, qimmatli qog‘ozlar qariyb 10 foizga arzonlab, $97 gacha tushdi.
Kompaniya birinchi chorak natijalarini e’lon qildi. Shu bilan birga, asoschi Rid Xastings iyun oyida direktorlar kengashini tark etishini bildirdi. U qayta saylanishga nomzod qo‘ymasligini va xayriya hamda boshqa loyihalarga e’tibor qaratishini ma’lum qildi.
Moliyaviy ko‘rsatkichlar ijobiy bo‘ldi. Netflix daromadi yiliga 16 foizga oshib, $12,25 mlrdni tashkil etdi. Bu kutilgan natijadan yuqori. Sof foyda deyarli ikki baravar oshib, $5,28 mlrdga yetdi. Har bir aksiya uchun foyda $1,23 bo‘lib, prognozdan ancha yuqori chiqdi.
Bunday natijaga operatsion foydaning oshgani va Warner Bros. Discovery bilan muvaffaqiyatsiz bitim uchun olingan $2,8 mlrd kompensatsiya ta’sir ko‘rsatdi. Shunga qaramay, investorlar kompaniyaning ikkinchi chorak bo‘yicha prognozlaridan norozi bo‘ldi. Netflix aksiya boshiga foydani $0,78 deb baholadi. Bu bozor kutgan $0,84 dan past. Daromad prognozi ham $12,57 mlrd bo‘lib, kutilgan ko‘rsatkichdan past chiqdi.
Kompaniya yillik prognozini o‘zgartirmadi. 2026-yil uchun daromad $50,7–51,7 mlrd oralig‘ida bo‘lishi kutilmoqda. Ikkinchi chorakda savdo hajmi 13 foizga oshishi prognoz qilinmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Netflix Wednesday serialining ikkinchi fasl treylerini taqdim etgani haqida yozgan edi.