
O‘zbeksan Superligasining 8-turida «OKMK» Olmaliqda «Buxoro»ni qabul qilib, 3:2 hisobida g‘alaba qozondi.
Uchrashuvning 9-daqiqasida mezbonlar hisobni ochdi. Siavash Haqnazari Xolmurodovning pasini golga aylantirdi. 13-daqiqada esa Mirjamol Qosimov hisobni oshirdi. Hisobda ortda borayotgan buxoroliklar hujumlarni kuchaytirdi.
Mehmonlar birinchi taymning o‘zida kombek amalga oshira oldi. Sherzod Esanov 29 va 34-daqiqalarda «OKMK» darvozasini ishg‘ol qilib, dublni rasmiylashtirdi. Ammo 77-daqiqada maydon egalari yana oldinga chiqib olishdi. Qanotdan uzatilgan to‘pni Nodirbek Abdurazzoqov boshi bilan darvozada joylab qo‘ydi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Navbahor» safarda «Lokomotiv»ni mag‘lub etib, Superligada peshqadamga aylangani haqida xabar bergan edi.