O‘zbekiston Jahon bankining suv xavfsizligi bo‘yicha yirik tashabbusiga qo‘shildi

O‘zbekiston Jahon banki guruhi tomonidan ilgari surilgan Water Forward global dasturiga qo‘shilgan davlatlar qatoridan joy oldi. Ushbu tashabbus 2030-yilgacha dunyo bo‘yicha kamida 1 milliard aholining suv xavfsizligini yaxshilashni maqsad qiladi, deya xabar berdi Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi.
Dastur suv ta’minoti tizimlarini modernizatsiya qilish, irrigatsiya va ichimlik suvi infratuzilmasini yangilash, shuningdek, suv resurslaridan samarali foydalanish va ularni tejashga qaratilgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlashni o‘z ichiga oladi.
Tashabbus 15-aprel kuni Vashingtonda o‘tkazilgan Jahon banki guruhining bahorgi yig‘ilishlari doirasida taqdim etilgan bo‘lib, unda xalqaro moliya institutlari va BMT vakillari ham ishtirok etgan. O‘zbekiston tomonidan esa Bosh vazir o‘rinbosari va iqtisodiyot hamda moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov qatnashgan.




Loyihaga ko‘ra, ishtirokchi davlatlar suv xo‘jaligi sohasida islohotlar olib boradi, infratuzilmani yangilaydi va xalqaro moliyaviy hamda texnik yordamdan foydalanadi. Bu jarayonda Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki kabi yirik moliyaviy institutlar ham hamkor sifatida jalb etilgan.
Ushbu tashabbus suv resurslarini boshqarish tizimini yaxshilash, qurg‘oqchilik va suv toshqinlari xavfini kamaytirish hamda aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlashga xizmat qiladi.
O‘zbekiston hukumati ushbu dastur doirasida milliy suv paktini ishlab chiqqan bo‘lib, unda suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish, yo‘qotishlarni kamaytirish va sohani raqamlashtirish kabi ustuvor vazifalar belgilangan.
Tashabbusga birinchi bosqichda 14 ta davlat, jumladan O‘zbekiston ham qo‘shilgani rasman e’lon qilingan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Jahon banki urushdan zarar ko‘rgan davlatlarga $100 milliardgacha mablag‘ ajratishi haqida yozgandi.