O‘zbekistonda 18-23-aprel kunlari sel kuzatilishi mumkin

O‘zbekiston hududida 18–23-aprel kunlari kutilayotgan yog‘ingarchiliklar sababli tog‘oldi va tog‘li hududlarda sel hamda suv toshqinlari yuzaga kelishi mumkin. Bu haqda «O‘zgidromet» xabar berdi.
Kuchli yomg‘irlar ayrim viloyatlarning balandliklarida suv oqimlarining keskin oshishiga va sel hodisalari yuzaga kelishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Xavf yuqori deb baholangan hududlar qatoriga Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Navoiy, Jizzax, Toshkent, Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlarining tog‘li tumanlari kiritilgan. Ushbu hududlarda joylashgan aholi punktlari, dam olish maskanlari va avtomobil yo‘llarida ehtiyotkorlik choralarini kuchaytirish tavsiya etilmoqda.
Ayniqsa, tog‘li yo‘llarda harakatlanayotgan haydovchilar va sayyohlardan ob-havo o‘zgarishlariga e’tiborli bo‘lish, daryo va soylar yaqinida xavfli hududlardan uzoq yurish so‘raldi.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda 14 – 17-aprel kunlari sel xavfi e’lon qilingani haqida yozgandi.