Sindarovga «Mehnat shuhrati» orderi, Interpol qidiruvidagi o‘zbekistonliklar — 17-aprelning muhim yangiliklari

Kursiv Uzbekistan 17-aprel kuni e’lon qilingan muhim yangiliklarni bir joyga jamladi.
Samarqandda yangi Ipak yo‘li muzeyi barpo etiladi
Shavkat Mirziyoyev Samarqandda barpo etiladigan yangi Ipak yo‘li muzeyi loyihasi bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Muzey 9 gektar hududda quriladi. Unda 6 mingdan ortiq noyob eksponatlar jamlanadi. Ekspozitsiyalar arxeologiya, tasviriy va amaliy san’at yo‘nalishlarini qamrab oladi.
Loyihaga ko‘ra, muzeyda doimiy va vaqtincha ko‘rgazma zallari tashkil etiladi. Shuningdek, 160 o‘rinli auditoriya, bolalar akademiyasi, tadqiqot va konservatsiya markazi ham bo‘ladi. Katta hajmli saqlov xonalari ham qurilishi rejalashtirilgan.
Toshkent shahar hokimiga yangi o‘rinbosar tayinlandi
Muminov Obidjon Odilovich Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari — Uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimini egalladi. Bu haqda hokimlikning rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.
Obidjon Muminov oliy ma’lumotni 2013-yilda Navoiy davlat pedagogika institutida olgan. Keyinchalik u 2024-yilda Rossiya Federatsiyasi prezidenti huzuridagi Rossiya xalq xo‘jaligi va davlat xizmati akademiyasining Davlat boshqaruvi oliy maktabida magistratura bosqichini tamomlagan.
O‘zbekistonda mehnat bozori: bir o‘ringa 19 ta nomzod to‘g‘ri kelmoqda
2026-yilning birinchi choragida O‘zbekistonda 33 mingdan ortiq vakant e’lon qilingan bo‘lsa-da, 636 mingdan ziyod rezyume joylashtirilgani sabab mehnat bozorida raqobat keskin oshdi. HeadHunter’ning ma’lum qilishicha, hozirda har bir ish o‘rniga o‘rtacha 19 nafar nomzod to‘g‘ri kelmoqda (Kursiv’da tahlil mavjud).
Hududlar kesimida
Unga ko‘ra, yanvar–mart oylarida hh.uz platformasida 33 mingdan ortiq faol vakantlar joylashtirilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 11 foizga ko‘p. Vakansiyalarning asosiy qismi hali ham Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi — umumiy ulushning 81,6 foizi. Shu bilan birga, Samarqand (+31,8%), Andijon (+35,8%), Farg‘ona (+20,3%) va Navoiy (+41,1%) kabi hududlarda ham sezilarli o‘sish qayd etilgan.
O‘zbekistonliklarning 80 foizida COVID-19’ning Cicada shtammiga immunitet shakllangan — SSV
So‘nggi kunlarda ayrim mamlakatlarda COVID-19’ning Cicada deb nomlangan BA.3.2 shtammi tarqalayotgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Sog‘liqni saqlash vazirligi (SSV) mutaxassislari bu holat yuzasidan izoh berdi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, ushbu shtamm AQSh, Gonkong, Mozambik va Buyuk Britaniya kabi 23 ta davlatda qayd etilgan. Biroq hozircha uning keng tarqalishi yoki jiddiy xavf tug‘dirishi bo‘yicha dalillar yo‘q.
O‘zbekistonda 18-23-aprel kunlari sel kuzatilishi mumkin
O‘zbekiston hududida 18–23-aprel kunlari kutilayotgan yog‘ingarchiliklar sababli tog‘oldi va tog‘li hududlarda sel hamda suv toshqinlari yuzaga kelishi mumkin. Bu haqda «O‘zgidromet» xabar berdi.
Kuchli yomg‘irlar ayrim viloyatlarning balandliklarida suv oqimlarining keskin oshishiga va sel hodisalari yuzaga kelishiga sabab bo‘lishi mumkin.
«O‘zmetkombinat»ning sobiq rahbari Dilshod Axmedov xalqaro qidiruvga berildi
O‘zbekiston hukumati «O‘zbekiston metallurgiya kombinati» (O‘zmetkombinat)ning sobiq boshqaruv raisi Dilshod Axmedovga nisbatan xalqaro qidiruv e’lon qildi. Bu haqdagi ma’lumot Interpol bazasida qayd etilgani bildirilmoqda.
Xabarga ko‘ra, unga nisbatan Jinoyat kodeksining o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish moddasi asosida ayblov qo‘yilgan.
Qirg‘izistonda viloyat va tumanlar o‘rniga 20 ta okrug tizimi joriy etilishi rejalashtirilmoqda
Qirg‘izistonda viloyat, tuman va shaharlar bosqichma-bosqich tugatilib, ularning o‘rnida 20 ta yirik okrugdan iborat yangi boshqaruv tizimi shakllantiriladi. Bu haqda respublika prezidenti Sadir Japarov ma’lum qildi.
Japarovning ma’lum qilishicha, avvalo bitta tajriba okrugi tashkil etilib, u bir necha yil davomida sinovdan o‘tkaziladi. Ushbu jarayonda yangi tizimning samaradorligi, boshqaruv qulayligi hamda moliyaviy mustaqilligi baholanadi.
9 va 11-sinflar uchun yakuniy davlat imtihoni sanalari e’lon qilindi
2026-yil uchun 9 va 11-sinf o‘quvchilarining yakuniy davlat attestatsiya imtihonlari jadvali tasdiqlandi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xabar berdi.
Unga ko‘ra, 9-sinf o‘quvchilari 1-iyundan boshlab ona tili va adabiyot (yoki davlat tili), 4-iyun kuni matematika, 8-iyun kuni O‘zbekiston tarixi fanlaridan imtihon topshiradi. Jismoniy tarbiya fani esa 1–6-may kunlari amaliy shaklda o‘tkaziladi.
11-sinf bitiruvchilari uchun imtihonlar 2-iyundan boshlanadi. Asosiy fanlar qatorida ona tili va adabiyot (yoki davlat tili) 2-iyun, matematika 5-iyun, O‘zbekiston tarixi esa 9-iyun kuni bo‘lib o‘tadi.
Prezident Javohir Sindarovni «Mehnat shuhrati» ordeni bilan taqdirladi
O‘zbekiston shaxmati tarixida muhim yutuq qayd etgan grossmeyster Javohir Sindarov FIDE Nomzodlar turniridagi g‘alabasi munosabati bilan Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi tantanali marosimda taqdirlandi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Tadbirda ta’kidlanishicha, Sindarov O‘zbekiston shaxmat tarixida ilk bor FIDE Nomzodlar turnirida g‘oliblikni qo‘lga kiritib, tarixiy natijaga erishdi. Musobaqa davomida u dunyoning yetakchi grossmeysterlariga qarshi yuksak mahorat, qat’iyat va kuchli iroda bilan ishtirok etib, 14 partiyada 10 ochko jamg‘arib, mag‘lubiyatsiz natija qayd etdi.