Toshkent shahar iqtisodiyoti 12 foizga oshiriladi

eʼlon qilindi
Yig‘ilishda qo‘shimcha 88 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish vazifasi qo‘yilgan
Toshkent shahar iqtisodiyoti 12 foizga oshiriladi
Foto: Prezident matbuot xizmati

Toshkent shahar iqtisodiyoti 12 foizga oshiriladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi Toshkent shahri iqtisodiyotini jadallashtirish bo‘yicha yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Joriy yil «Poytaxtda jadal rivojlanish va aholi daromadlari o‘sishi yili» deb e’lon qilindi. Shuningdek, $3,6 mlrd eksport, $9 mlrd investitsiya va 616 ming bandlik ko‘rsatkichlari belgilandi.

Yangi yondashuv asosida Toshkentning 12 tumani alohida yo‘nalishlarga ixtisoslashtiriladi. Bektemir kimyo sanoati va ulgurji savdoga, Mirzo Ulug‘bek kabel sanoati va ITga yo‘naltiriladi. Mirobod oziq-ovqat va turizmga, Uchtepa zargarlik va chakana savdoga ixtisoslashadi. Chilonzor farmatsevtika va xizmat ko‘rsatishga, Shayxontohur mebel va gastroturizmga yo‘naltiriladi. Yunusobod qog‘oz sanoati va turizmga, Yashnobod elektrotexnika va logistika sohasiga ajratiladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Yakkasaroy yengil sanoat va moliyaviy xizmatlarga, Yangihayot avtomobilsozlik va logistika sohasiga ixtisoslashadi. Olmazor qurilish materiallari va ta’limga, Sergeli metallurgiya va avtoservisga yo‘naltiriladi.

So‘nggi ikki haftada 23 mingdan ortiq tadbirkor bilan uchrashuv o‘tkazilgani ma’lum qilindi. Natijada, 1 300 dan ortiq muammo aniqlangan va 162 ta yangi taklif bildirilgan. Ushbu masalalar e’tibordan chetda qolmasligi kerakligi qayd etildi.

Poytaxtda maxsus investitsiya va ishbilarmonlik muhiti joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Ruxsatnoma va litsenziyalar berish vakolatlari hududiy darajaga tushiriladi. Eksportchilarni qo‘llab-quvvatlash, logistika muammolarini tez hal qilish va yangi moliyalashtirish mexanizmlari joriy etiladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Tadbirkorlar murojaatlarini tez hal qilish uchun Muvofiqlashtiruvchi kengash tuzish taklif qilindi. U iqtisodiy vaziyatni monitoring qiladi va yangi o‘sish nuqtalarini aniqlaydi.

Yig‘ilishda qo‘shimcha 88 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish vazifasi qo‘yildi. Shuningdek, $4,9 mlrd eksport, $5 mlrd investitsiya jalb qilish va budjetga 2,9 trln so‘m tushum ta’minlash rejalashtirilgan. 65,5 ming yangi ish o‘rni yaratish ham ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, Toshkent uchun $500 mln miqdorida yevrobond chiqarish taklif qilindi. Poytaxt tadbirkorlarini hududlardagi yirik sanoat korxonalari bilan bog‘lash va kooperatsiyani kengaytirish topshirilgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Toshkentning ayrim hududlarida issiq suv besh kunga o‘chirilishi haqida yozgan edi.

Shuningdek