Volkswagen ID. Unyx 08 avtomobili taqdim etildi

17-aprel 2026 07:56 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Volkswagen ID. Unyx 08 avtomobili taqdim etildi
Foto: Volkswagen

Volkswagen kompaniyasi Xitoyda yangi Volswagen ID. Unyx 08 modelini taqdim etdi. Ushbu krossover Xpeng bilan hamkorlikdagi ilk ommaviy model bo‘ldi.

Avtomobil 3 xil versiyada taklif qilinadi. Narxlar $33,3 mingdan boshlanib, $42 minggacha yetadi. Avvalroq u $34,7 mingdan oldindan buyurtmaga qo‘yilgan edi. Uning dizayni yangi uslubda yaratilgan. Old qismida 400 dan ortiq LED elementlar mavjud. Ular turli yoritish effektlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Kuzov uzunligi 5 metrga yaqin bo‘lib, g‘ildirak bazasi 3 030 mmni tashkil etadi.

Ichki qismi

Foto: Volkswagen

Salon ichida zamonaviy texnologiyalar qo‘llangan. 10,25 dyuymli panel va ikkita 14,96 dyuymli ekran mavjud. Tizim Qualcomm chipi asosida ishlaydi. Sun’iy intellekt yordamchisi esa Baidu modeliga tayangan. Mashina 5 o‘rindiqli bo‘lib, bagaj hajmi 766 litrni tashkil etadi. O‘rindiqlar buklanganda bu ko‘rsatkich 1 845 litrgacha oshadi. Old o‘rindiqlar massaj, isitish va ventilyatsiya funksiyalariga ega.

Haydovchiga yordam berish tizimi rivojlangan. Avtomobilda 11 ta kamera, 3 ta radar va 12 ta ultratovush datchiklari mavjud. U L2 darajadagi yarim avtonom haydashni qo‘llab-quvvatlaydi.

Foto: Volkswagen

Model 800 volt platformada yaratilgan. U orqa g‘ildirakdan tortuvchi va to‘liq tortish tizimida taklif qilinadi. Eng kuchli versiya 496 ot kuchigacha quvvat beradi va 0 dan 100 km/soatgacha 4,9 soniyada chiqadi. Batareya sig‘imi 82 va 95 kVt/soat variantlarda mavjud. Eng katta batareya bilan yurish zaxirasi 730 km gacha yetadi. Tez zaryadlash orqali 5 daqiqada 150 km yo‘l uchun quvvat olish mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Volkswagen ID. Era 9X avtomobili oldindan buyurtmaga chiqqani haqida yozgan edi.

Shuningdek