Xavfsizlik hamma uchun

Soxta alkogolsiz ichimliklar bilan bogʻliq holatlar tobora koʻpaymoqda. Bu endi alohida uchraydigan voqealar emas, balki xavotirli tendensiyaga aylanmoqda. Yaqinda yana shunday holat qayd etildi. Mintaqalardan birida kelib chiqishi nomaʼlum boʻlgan, mashhur brend nomi ostida ishlab chiqarilgan kontrafakt energetik ichimlikning katta partiyasi aniqlandi.
Buni Asl Belgisi raqamli markirovkalash tizimi orqali mahsulotni tekshirgan xaridorning hushyorligi aniqlashga yordam berdi. U tovar maqomidagi nomuvofiqlikka eʼtibor qaratgan. Bu holat bugun raqamli xizmatlar orqali nazorat qilish osonlashganini va uning naqadar muhim ekanini yana bir bor koʻrsatadi.
Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda alkogolsiz ichimliklarning noqonuniy aylanishi tizimli muammoga aylanmoqda. Barcha holatlar ochiq eʼlon qilinmasa-da, kontrabanda va kontrafaktning muntazam aniqlanishi bu holatni tasdiqlaydi. Bozorda tartib oʻrnatish uchun davlat tomonidan choralar kuchaytirilmoqda.

Bunday holatlar oddiy tashvish emas, balki fuqarolar salomatligi uchun jiddiy xavf signali. Ayniqsa, yoshlar eng katta xavf ostida qolmoqda. Kontrafakt mahsulotlar nazoratsiz ishlab chiqariladi hamda sifat va xavfsizlik talablariga javob bermaydi.
Afsuski, bunday sxemalar hali ham mavjud. Qalbaki mahsulotlar hatto doʻkon rastalarida ham uchramoqda. Lekin bunga qarshi samarali yechim bor. Bu raqamli markirovka tizimidir. U oddiy texnologiya emas. Bu har bir isteʼmolchining qoʻlida boʻlgan qalbaki mahsulotlarga qarshi kurash vositasidir.
Tizim juda sodda ishlaydi. Har bir ichimlik idishiga qalbakilashtirib boʻlmaydigan noyob DataMatrix kodi qoʻyiladi. Xaridor suv yoki gazli ichimlik sotib olayotganda telefonidagi ilova orqali mahsulotni tekshirishi mumkin. U nafaqat uning haqiqiyligini aniqlaydi, balki mahsulotning quyishdan boshdan boshlab doʻkon peshtaxtasigacha boʻlgan yoʻlini ham koʻra oladi.
Bu esa kontrafakt mahsulotlarning bozorga kirishini deyarli yoʻqotadi. Agar shunday mahsulot doʻkonda aniqlansa, bu vakolatli organlar uchun jiddiy signal boʻladi. Bu jarayonda aynan isteʼmolchilar hal qiluvchi rol oʻynaydi. Ularning hushyorligi bozorni tozalashga xizmat qiladi.
Bugungi kunda markirovka va agregatsiya masalasida turli fikrlar mavjud. Biroq xalqaro tajriba va mahalliy amaliyot bu tizimlar samarali ekanini koʻrsatmoqda. Koʻplab mamlakatlarda bunday mexanizmlar isteʼmol madaniyati bilan uygʻunlashib, noqonuniy mahsulotlar ulushini sezilarli darajada kamaytirgan.
Lekin eng asosiy natija — bu odamlar salomatligini himoya qilish.
Ishonchim komilki, faqat davlat, biznes va isteʼmolchilarning birgalikdagi saʼy-harakatlari bilangina biz shaffof va xavfsiz bozorni shakllantira olamiz. Gap millat salomatligi haqida ketganda, hech qanday murosaga kelish mumkin emas.