Yangi rangda chiqishi kutilayotgan iPhone 18 Pro, Abdulla Qodiriy nomi berilgan samolyot — 18-aprelning muhim yangiliklari

Yangi rangda chiqishi kutilayotgan iPhone 18 Pro, Abdulla Qodiriy nomi berilgan samolyot. Kursiv Uzbekistan 18-aprel kuni e’lon qilingan muhim yangiliklarni bir joyga jamladi.
iPhone 18 Pro yangi ranglarda chiqishi mumkin
Apple iPhone 18 Pro uchun yangi ranglar ustida ishlamoqda. Insayderlarga koʻra, kompaniya bir nechta yangi rang variantlarini sinovdan oʻtkazmoqda.
Ular orasida och koʻk, siyoh rang va klassik toʻq kulrang mavjud. Ayrim manbalarda yana kumush rang ham saqlanib qolishi aytilmoqda. Ayniqsa, siyoh rang yangi modelning asosiy vizual belgisi boʻlishi mumkin. Bu rang Apple flagmanlari uchun yangi yoʻnalish sifatida koʻrilmoqda.
Freedom Holding Corp. ChessBase global shaxmat platformasini sotib oldi
Freedom Holding Corp. xalqaro investitsiya va texnologiya kompaniyasi shaxmat dasturlari, tahlili va maʼlumotlariga ixtisoslashgan dunyodagi eng qadimgi va yirik ChessBase platformasini sotib oldi. Bu haqda kompaniya Kursiv Uzbekistanʼga maʼlum qildi.
Taʼkidlanishicha, holding sunʼiy intellektni keng joriy etish va uni korporatsiya ekotizimiga integratsiya qilish orqali bozordagi mavqeyini mustahkamlashni rejalashtirmoqda. Loyihani rivojlantirish uchun kutilayotgan investitsiyalar taxminan 5 million yevroni tashkil etadi.
My Freighter aviakompaniyasining yangi samolyotiga Abdulla Qodiriy nomi berildi
My Freighter aviakompaniyasining yangi Boeing 767 havo kemasiga Abdulla Qodiriy nomi berildi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati Kursiv Uzbekistanʼga maʼlum qildi.
17-aprel kuni xususiy yuk aviakompaniyasi floti yangi Boeing 767 samolyoti bilan toʻldirildi. Bu parkdagi oʻninchi havo kemasi boʻldi.
Qozogʻistonning yana bir futbol klubi xususiy qoʻlga oʻtdi
Qozogʻistonning «Atirau» futbol klubi auksion orqali xususiy mulkka oʻtdi. Bu haqda Atirau viloyati hokimligi maʼlum qildi.
17-aprel kuni oʻtkazilgan savdolar yakuniga koʻra, klub yangi investor qoʻliga oʻtdi. Ochiq tanlov gʻolibi tadbirkor Bolat Konarbay boʻldi. Bitim doirasida klubni rivojlantirish uchun kamida 1 mlrd tenge (taxminan $2,1 mln) investitsiya kiritilishi rejalashtirilgan.
Yevropada aviayonilgʻi tanqisligi sabab reyslar bekor qilinishi mumkin
Yevropada aviayonilgʻi yetishmovchiligi sabab yaqin haftalarda reyslar bekor qilinishi mumkin. Bu haqda Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasi (IATA) maʼlum qildi.
Tashkilotga koʻra, may oxiriga borib ayrim aviakompaniyalar yonilgʻi tanqisligi tufayli parvozlarni qisqartirishga majbur boʻlishi mumkin. Bunday holat allaqachon Osiyoning ayrim hududlarida kuzatilmoqda.