Chorvachilikda sanitariya va epidemiologik xavfsizlik kuchaytiriladi

O‘zbekistonda chorvachilik sohasida sanitariya-epidemiologik va gigiyenik talablarni kuchaytirishga qaratilgan maxsus oylik e’lon qilindi. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Fermerlar kengashi ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 18-aprelidan 18-mayiga qadar O‘zbekistonda «Chorvachilikda sanitariya-epidemiya-gigiyena» oyligi o‘tkaziladi. Ushbu tashabbus chorva hayvonlari salomatligini muhofaza qilish va yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olishga qaratilgan.
Hozirgi kunda dunyoda ekologik muvozanatning buzilishi va iqlim o‘zgarishlari oqibatida chorva hayvonlari orasida yangi kasalliklar paydo bo‘layotgani qayd etilmoqda. Xususan, ayrim xorijiy davlatlarda oqsil (yashur) kasalligining tarqalish xavfi ortgani bildirilgan. Jahon hayvonlar sog‘ligi tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 2025–2026 yillarda 48 ta davlatda ushbu kasallikning yangi «SAT» tiplari aniqlangan bo‘lib, mavjud vaksinalar bu tiplarga to‘liq qarshi himoya ta’minlamasligi mumkin.
Shu munosabat bilan xo‘jalik va fermer xo‘jaliklarida veterinariya-sanitariya qoidalariga qat’iy rioya qilish, dezinfeksiya choralarini kuchaytirish, begona shaxslar va transport vositalari kirishini cheklash, hayvonlarni saqlashda zoogigiyenik talablarga amal qilish hamda ularni sifatli ozuqa va toza suv bilan ta’minlash zarurligi ta’kidlanmoqda. Kasallik alomatlari kuzatilganda hayvonlarni darhol ajratish va mutaxassis veterinarga murojaat qilish tavsiya etiladi.
Qayd etilishicha, oqsil kasalligi yuqori harorat, og‘iz bo‘shlig‘i va tuyoqlarda yaralar hamda elinda shikastlanishlar ko‘rinishida namoyon bo‘ladi. Bunday holatlarda binolarni dezinfeksiya qilish, chorva mahsulotlarini tashqariga chiqarishni cheklash hamda sutni qaynatmasdan iste’mol qilmaslik lozim. Shuningdek, chorva hayvonlarini o‘z vaqtida emlash kasallikning oldini olishda eng samarali chora ekani ta’kidlangan: qoramollar yiliga ikki marta, qo‘ylar esa yiliga bir marta emlanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buxoroning har bir tumanida naslli qoramol fermalari tashkil etilishi haqida yozgan edik.