Favqulodda vaziyatlar sohasida volontyorlarni rag‘batlantirish tartibi belgilandi

Favqulodda vaziyatlar sohasida volontyorlar va ko‘ngilli qutqaruvchilarni jalb etish hamda ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi tartib tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Hukumat qarori bilan «Volontyorlar va ko‘ngilli qutqaruvchilarni “Favqulodda vaziyatlar volontyori» jamoatchilik guruhlariga jalb etish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi. Unga ko‘ra, jamoatchilik guruhlariga faqat 18 yoshdan katta bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari qabul qilinadi.
Nizomda belgilanishicha, volontyor bo‘lish istagidagi shaxslar avval volontyorlar elektron platformasi (volontyor.uz) orqali ro‘yxatdan o‘tadi, so‘ngra hududiy favqulodda vaziyatlar boshqarmalariga ariza bilan murojaat qiladi.
Shuningdek, jamoatchilik guruhlari a’zolari uchun bir qator imtiyozlar ham joriy etilgan. Jumladan, Favqulodda vaziyatlar vaziri tavsiyasiga asosan akademiyaning bakalavriat yo‘nalishiga kirishda to‘plangan ballarga 5 foiz miqdorida qo‘shimcha ball beriladi. Ko‘ngilli qutqaruvchilar esa «mahalla yettiligi» tavsiyasiga ko‘ra hududiy qutqaruv tuzilmalarida ishga qabul qilish tanlovlarida ustuvorlikka ega bo‘ladi.
Akademiyaga qo‘shimcha ball olish uchun tavsiyanoma Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan tashkil etiladigan tanlov g‘oliblariga beriladi. Ushbu tanlovda 18 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan volontyorlar ishtirok etadi.
Volontyorlar faoliyati tuman, viloyat va respublika darajasida bir nechta mezonlar asosida baholanadi. Ular orasida favqulodda vaziyatlarning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, qidiruv-qutqaruv tadbirlaridagi ishtirok hamda jabrlanganlarga birinchi yordam ko‘rsatish va evakuatsiya jarayonlaridagi faoliyat kiradi.
Baholash natijalariga ko‘ra har bir hududdan bittadan, jami 14 nafar volontyorga tavsiyanoma berilishi belgilangan. Mazkur tavsiyanoma bir o‘quv yili davomida amal qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq aholini gaz ballonlari bilan taʼminlash Davlat xizmatlari markazlari orqali amalga oshirilishi haqida yozgan edik.