Uch oyda 1,6 milliondan ortiq o‘zbekistonlik xorijga sayohat qildi

2026-yil yanvar-mart oylarida 1 631 234 nafar O‘zbekiston fuqarolari chet elga turistik safarlarni amalga oshirdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, mazkur ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 111,6 ming nafarga ko‘p ekani qayd etilgan.
Hisobot davrida O‘zbekiston fuqarolari eng ko‘p borgan davlatlar orasida Qirg‘iz Respublikasi yetakchilik qilgan, u yerga 660 579 nafar fuqaro safar qilgan. Keyingi o‘rinlarda Qozog‘iston (284 024 nafar) va Tojikiston (282 040 nafar) qayd etilgan.
Shuningdek, Saudiya Arabistoniga 136 060 nafar, Rossiyaga 88 267 nafar, Turkiyaga 52 199 nafar fuqaro safar qilgan. BAAga 28 125 nafar, Xitoyga 15 844 nafar, Tailandga 13 839 nafar va Misrga 12 186 nafar O‘zbekiston fuqarosi turistik maqsadlarda borgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonliklar biznes-klassda ko‘proq ucha boshlagani haqida yozgan edik.