
2026-yil 19-aprel kuni Myunxenning «Bavariya» klubi «Shtutgart» ustidan ishonchli g‘alabaga erishib, o‘z tarixida 35-marta Germaniya Bundesligasi g‘olibiga aylandi.
Uchrashuvning 21-daqiqasida Kris Fyurix chiroyli zarba bilan mehmonlarni hisobda oldinga olib chiqdi. Biroq myunxenliklar bunga 31-daqiqada Rafael Gerreyru va 33-daqiqada Nikolas Jeksonning tezkor gollari bilan javob qaytarishdi.

Tanaffusga qadar, ya’ni 37-daqiqada Alfonso Devis Luis Diasning uzatmasidan so‘ng hisobni 3:1 ko‘rinishiga keltirdi. Ikkinchi bo‘limda Jamol Musialaning o‘rniga maydonga tushgan Harri Keyn 52-daqiqada jamoasining to‘rtinchi goliga mualliflik qildi. Bu hujumchining joriy mavsumdagi 32-goli hisoblanadi.
Uchrashuvning 88-daqiqasida Chema Andres «Shtutgart»ning ikkinchi golini kiritib, hisobni qisqartirdi. Ushbu g‘alaba tufayli «Bavariya» so‘nggi 14 mavsumdagi 13-titulini rasmiylashtirdi. Jamoa oldinda Germaniya kubogi va Chempionlar ligasi musobaqalarida ishtirok etib, mavsumni uchta sovrin bilan yakunlash imkoniyatini saqlab turibdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Bavariya» «Real Madrid»ni mag‘lubiyatga uchratib, yarim finalga yo‘l olgani haqida xabar bergan edi.