Bolalar pornografiyasiga oid jinoyatlarga 3 yilgacha qamoq jazosi belgilandi

O‘zbekistonda voyaga yetmaganlar ishtirokidagi pornografik materiallar uchun 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilandi. Bu haqda qabul qilingan qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritildi.
Unga ko‘ra, voyaga yetmaganlar tasvirlangan pornografik materiallarni tarqatish maqsadida saqlaganlik uchun javobgarlik keskin kuchaytirildi. Bunday harakatlar uchun jarima, axloq tuzatish ishlari, ozodlikni cheklash yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilandi.
Shuningdek, qonunchilikka «voyaga yetmagan guvohning qonuniy vakili» tushunchasi kiritildi. Endilikda voyaga yetmagan guvoh ishtirok etgan ishlar jarayonida uning huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun ota-ona, vasiy yoki boshqa qonuniy vakillar majburiy tarzda jalb etiladi.
Bundan tashqari, voyaga yetmaganlar ishtirokidagi pornografik mahsulotlarni saqlash uchun ma’muriy javobgarlik ham joriy etildi. Mazkur qonun rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan ta’lim tizimini tartibga soluvchi yangi qoidalar joriy etilishi haqida yozgandi.