
General Motors (GM) ayrim Chevrolet Tracker va Chevrolet Trailblazer modellari egalari sezayotgan vibratsiya haqida rasmiy izoh berdi. Bu haqda GMAutority nashri xabar bermoqda.
Kompaniya bu holat nosozlik emasligini ta’kidladi. Vibratsiya odatda avtomobil qiyalikda, old qismi pastga qaratilgan holda to‘xtab turganda paydo bo‘ladi. Ayniqsa, dvigatel ishlayotgan va mashina harakatsiz bo‘lgan paytda tebranish seziladi. Sababi shundaki, bunday holatda dvigatel tayanchi elementi boshqa detal bilan tegishib ketadi. Bu esa vibratsiyaga olib keladi, ammo avtomobilga zarar yetkazmaydi.

GM dilerlarga avtomobilni tekshirib ko‘rishni tavsiya qilgan. Sinov qiyalikda o‘tkaziladi va agar aynan shu holat takrorlansa, qo‘shimcha ta’mirlash talab etilmaydi.
Shuningdek, konditsioner yoqilganda vibratsiya kuchayishi mumkinligi aytilgan. Mazkur xususiyat 2021–2026-yillardagi Trailblazer va 2024–2026-yillardagi Tracker modellari uchun xos bo‘lib, kompaniya uni normal ishlash jarayoni sifatida baholamoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet Tracker uchun chegirma e’lon qilingani haqida yozgan edi.