Golden House bo‘yicha bildirilgan shikoyatlardan keyin fuqarolar foydasiga 1,1 mlrd so‘m qaytarildi

Raqobat qo‘mitasi Golden House Property Group ustidan ko‘plab shikoyatlar kelib tushayotganini bildirdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilda va 2026-yilning hozirgi davriga qadar ushbu kompaniya faoliyati bo‘yicha jami 74 ta murojaat bo‘lgan. Shundan 54 tasi qo‘mita aralashuvidan keyin ijobiy hal etilgan.
Natijada fuqarolar foydasiga 1 mlrd 128 mln so‘mdan ortiq mablag‘ qayta hisob-kitob qilib berilgan.
2025-yil davomida 40 ta murojaat tushgan bo‘lib, ularning 87 foizi hal etilgan. Ko‘p holatlarda fuqarolar va kompaniya o‘rtasida kelishuvga erishilgan. Biroq 2026-yilning birinchi choragida yana 34 ta yangi shikoyat kelib tushgan. Ularning bir qismi hal etilgan, ayrimlari bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan va tekshiruvlar davom etmoqda.
Raqobat qo‘mitasi qurilish kompaniyalarini mijozlar bilan shartnoma tuzishda aniq muddatlarni belgilash va iste’molchilar huquqlarini buzmaslikka chaqirdi. Shuningdek, mamlakatda ushbu soha bo‘yicha murojaatlar soni keskin oshib borayotgani qayd etildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident qurilish jarayonlarining yillab cho‘zilayotganini tanqid qilgandi. Shavkat Mirziyoyev raisligidagi uy-joy qurilishi va urbanizatsiya sohasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida qurilish jarayonlarining yillab cho‘zilayotgani tanqid qilindi.