Sport

Liga 1: «Lion» o‘z maydonida PSJ’ni mag‘lub etdi

Parijliklar mavsumdagi beshinchi mag‘lubiyatini qabul qildi va eng yaqin ta’qibchisi bilan oradagi farq qisqardi
Foto: ol.fr

Fransiya 1-Ligasining 30-turida «Lion» futbol klubi amaldagi peshqadam PSJ ustidan 2:1 hisobida g‘alaba qozonib, turnir jadvalida uchinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi.

Uchrashuv qahramoniga aylangan 19 yoshli braziliyalik hujumchi Endrik oltinchi daqiqada hisobni ochishga muvaffaq bo‘ldi. O‘yinning 18-daqiqasida uning aniq uzatmasidan so‘ng 21 yoshli portugaliyalik hujumchi Afonso Moreira jamoasining ikkinchi golini kiritdi.

PSG - OL : Portés par Endrick et Moreira, les Lyonnais créent l’exploit au Parc des Princes

O‘yinning 33-daqiqasida PSJ hujumchisi Gonsalu Ramush penaltidan unumli foydalana olmadi, uning zarbasini «Lion» darvozaboni Dominik Greyf qaytardi. Parijliklar safida yagona javob golini hakam tomonidan qo‘shib berilgan to‘rtinchi daqiqada Xvicha Kvaratsxeliya kiritdi.

Chempionlar ligasiga yo‘llanma beruvchi o‘rinlar uchun kurashda «Lion» to‘rtinchi o‘rindagi «Lill»ni to‘plar nisbatiga ko‘ra ortda qoldirmoqda. Birinchi o‘rindagi PSJ hisobida 28 o‘yindan keyin 63 ochko bo‘lsa, ikkinchi o‘rindagi «Lans» 29 uchrashuvda 62 ochkoni qo‘lga kiritgan. «Leon» 30-turdan keyin 54 ochko jamg‘argan.

Turning boshqa uchrashuvlarida «Monako» «Oser» bilan 2:2 hisobida durang o‘ynagan bo‘lsa, «Renn» safarda «Strasburg» jamoasini 3:0 hisobida mag‘lub etdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan PSJ mehmonda «Liverpul»ni mag‘lub etib, YChL yarim finaliga chiqqani haqida xabar bergan edi.