Navoiydagi yangi qo‘shma sanoat parkida ilk korxona ishga tushiriladi

Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan «Innoprom. Markaziy Osiyo» xalqaro forumi doirasida Navoiy viloyati iqtisodiyoti uchun muhim voqea yuz berdi — mintaqadagi yangi qo‘shma sanoat parkining birinchi korxonasi o‘z faoliyatini boshlaydi.
Rossiya bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Denis Manturovning forumdagi nutqida ta’kidlashicha, ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik zamonaviy bosqichga ko‘tarilib, asosiy e’tibor yuksak texnologik mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratilmoqda.
«Biz sanoat parklari yaratish modeliga faol o‘tmoqdamiz. Hozirda Chirchiq va Jizzax shaharlarida shunday maydonlar muvaffaqiyatli ishlamoqda. Bugun esa biz Navoiy viloyatidagi yangi qo‘shma sanoat parkida birinchi rezidentning ishlab chiqarishiga start beramiz», — dedi Manturov.

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, bugungi kunda O‘zbekistonda Rossiya sarmoyasi ishtirokidagi 3 mingdan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda. Ular ishtirokida umumiy qiymati qariyb 4 trln rubl (647,2 trln so‘m)ga teng 150 dan ortiq yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
Forumning yana bir muhim voqeasi — Rossiya va Markaziy Osiyo mamlakatlari sanoat vazirlarining ilk yig‘ilishi bo‘ldi. Tomonlar biznesning texnologik darajasini oshirish va yangi istiqbolli yo‘nalishlarni o‘zlashtirishni umumiy strategik maqsad sifatida belgilab oldilar.
Rossiya tomoni o‘zining texnologik yutuqlari, jumladan, robototexnika, uchuvchisiz apparatlar, murakkab kimyo mahsulotlari, energetika va yangi tibbiyot uskunalari kabi yo‘nalishlardagi tajribasi bilan o‘rtoqlashishga tayyorligini bildirdi. Eng muhimi, bu texnologiyalar shunchaki eksport qilinmaydi, balki ularni hamkor davlatlar, jumladan O‘zbekiston hududida mahalliylashtirish ko‘zda tutilgan.
«Bunday o‘zaro tajriba va malaka almashinuvi hamkorligimizning asosiy tamoyiliga aylanishi kerak», — deya ta’kidladi bosh vazir o‘rinbosari.
Hamkorlik faqatgina sanoat bilan cheklanmay, transport logistikasi, elektron savdo, shuningdek, moliya-bank tizimi va gumanitar aloqalarni rivojlantirishni ham o‘z ichiga oladi. Tadbir yakunida ishtirokchilar kelgusi yirik muzokaralarni Yekaterinburg shahrida bo‘lib o‘tadigan asosiy «Innoprom» ko‘rgazmasida davom ettirishga taklif etildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Jamshid Xodjayev O‘zbekiston quyosh energiyasi, farmatsevtika va avtomobilsozlik sohalarida hamkorlikka ochiqligini ta’kidlagani haqida xabar bergan edi.